Trampning reytingi prezidentlik davridagi eng past darajaga tushdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Trampning reytingi 33 foizgacha tushib ketdi. Bu uning amaldagi prezidentlik davridagi eng past ko‘rsatkichi bo‘ldi. Bu haqda Reuters/Ipsos tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 17 avgust kuni yakunlangan so‘rovda respondentlarning 64 foizi Tramp faoliyatini ma’qullamasligini bildirgan. Prezident reytingi esa oy boshidagi 35 foizdan 33 foizga tushgan.

Qayd etilishicha, reytingning pasayishiga AQSHning Eron bilan mojaroga aralashuvi va buning ortidan yuzaga kelgan iqtisodiy oqibatlar sabab bo‘lgan. Mojaro fonida neft bozori izdan chiqqan, benzin narxlari oshgan va bu amerikaliklar kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatgani aytilmoqda.

So‘rov natijalariga ko‘ra, amerikaliklarning 80 foizi AQSHning Eron bilan bog‘liq mojarodagi ishtiroki uzoq davom etadi deb hisoblaydi. Faqat 16 foiz respondent urush bir necha hafta ichida yakunlanishiga ishonishini bildirgan.

Shuningdek, respondentlarning atigi 20 foizi Eron bilan bog‘liq urush o‘zini oqlagan deb hisoblagan. Iqtisodiy masalalarda esa saylovchilar Demokratik partiyaga ko‘proq ishonch bildirmoqda. So‘rovda qatnashganlarning 38 foizi iqtisodiyotni boshqarishda demokratlarni, 35 foizi esa respublikachilarni afzal ko‘rgan.

Reuters/Ipsos so‘rovi AQSH bo‘ylab 1 166 nafar voyaga yetgan fuqaro o‘rtasida o‘tkazilgan. Qayd etilishicha, so‘rovnomadagi xatolik darajasi 3 foizni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Amerika Prezidenti Donald Tramp uchinchi muddatga AQSH Prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘yishni xohlashini aytgandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing