Trampning “oltin viza” dasturiga atigi 338 ta ariza topshirildi
Olam
−
22:03 586 2 daqiqa
AQSH Prezidenti ma’muriyati joriy yil aprel oyi oxirida Donald Tramp tashabbusi bilan 2025 yil dekabrida ishga tushirilgan “oltin viza” (narxi 1 million dollardan boshlanadi) dasturi bo‘yicha arizalar haqidagi ma’lumotlarni ochiqladi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
Aprel oyi oxiriga kelib, “oltin viza” olish uchun jami 338 ta ariza kelib tushgan. Ushbu arizachilarning faqat 165 nafari qaytarib berilmaydigan 15 ming dollarlik ro‘yxatdan o‘tish yig‘imini to‘lagan va atigi 59 kishi keyingi bosqichga – AQSH Ichki xavfsizlik vazirligida hujjatlarni to‘ldirish jarayoniga o‘tgan.
“The Washington Post” nashrining yozishicha, immigratsiya bo‘yicha yuristlar o‘z mijozlarini “oltin viza” dasturida ishtirok etishdan qaytarmoqda. Sababi, ushbu dastur Kongress tomonidan ma’qullanmagan va istalgan vaqtda Prezident farmoni bilan bekor qilinishi mumkin. Bundan tashqari, dastur sud jarayonlari xavfi ostida qolgan va xorijiy investorlar uchun mavjud boshqa immigratsiya dasturlariga qaraganda hech qanday soliq imtiyozlarini taqdim etmaydi.
“Oltin viza” dasturi bilan ishlashni istamayotgan yuristlar orasida “The Washington Post” AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp va uning ota-onasiga AQSH fuqaroligini olishda yordam bergan Maykl Uayldsni ham tilga olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Davlat departamenti vaqtinchalik viza olish uchun ariza topshiruvchilarni tekshirishning yangi tartibini joriy etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi