Tramp Zelenskiyga Moskvaga borishni taklif qildi – “Bloomberg”
Olam
−
08:38 1017 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashish uchun Moskvaga borishni taklif etdi. Bu haqda xabardor manbalariga tayanib, “Bloomberg” yozmoqda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp ushbu tashabbus bilan Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi doirasida Ukraina yetakchisi bilan o‘tkazilgan uchrashuv chog‘ida chiqqan. Zelenskiy bunga rad javobini bergan, unga yaqin bo‘lgan manbalar esa Trampning taklifi uni xafa qilganini bildirgan.
Biroq “Financial Times” nashri uchrashuvda ishtirok etgan Ukraina rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Tramp tomonidan bunday tashabbus ilgari surilmagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, yetakchilar ehtimoliy bo‘lajak uch tomonlama muzokaralarni muhokama qilgan, ammo “Bloomberg” yozganidek Zelenskiyning Rossiya poytaxtiga tashrifi haqida gap-so‘z bo‘lmagan.
Kiyev bir necha bor Putin va Zelenskiyning betaraf hududda shaxsiy uchrashuvini o‘tkazishni taklif qilgan. Rossiya tomoni esa har safar ushbu variantni rad etib, muzokaralar Moskvada o‘tkazilishini talab qilib kelgan. Bunga javoban Ukraina rasmiylari bunday taklifning be’mani ekanini aytib, Putinga Kiyevga kelishni taklif qilgan.
Joriy yilning sentyabr oyi o‘rtalarida Zelenskiy dekabr oyida AQSHda bo‘lib o‘tadigan “Katta yigirmatalik” (G20) sammiti hoshiyasida Putin bilan uchrashishga tayyorligini bildirgan va Ukraina “juda yaxshi muzokaralar pozitsiyasida” ekanini ta’kidlagan edi. Kreml esa javoban an’anaviy tarzda bu tashabbusni rad etdi va yana bir bor Ukraina Prezidentiga Moskvaga kelishni taklif qildi.
23 sentyabr kuni AQSH Putinni dekabrdagi G20 sammitiga taklif etdi. Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kremlda ushbu qaror olqishlanishini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Moskva “bir qarorga keladi” va “masalani diplomatik kanallar orqali ishlab chiqadi”. Shu bilan birga, o‘sha kuni Peskov Putin va Zelenskiyning ehtimoliy uchrashuvi bo‘yicha Kreml pozitsiyasini yana bir bor eslatib o‘tdi.
“Bizning pozitsiyamiz yaxshi ma’lum. Putin agar xohlasa, Zelenskiy Moskvaga kelishi mumkinligini aytgan edi”, deydi matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp ma’muriyati Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni yumshatish uchun 3 ta zudlik bilan amalga oshirilishi kerak bo‘lgan chorani taklif qilgandi.
Live
Barchasi