Tramp Venesuela prezidenti bo‘lmoqchiligini aytdi (video)
Olam
−
12:17 2218 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan bog‘liq mojaro tugagach, ispan tilini o‘rganib, Venesuela prezidenti lavozimi uchun kurashib ko‘rishini ma’lum qildi. Bu haqda u C-Span tomonidan e’lon qilingan matbuot anjumanida aytib o‘tgan.
“Buni tugatganimdan keyin Venesuelaga borishim mumkin. Men tezda ispan tilini o‘rganaman. Men Venesuelaga boraman. Prezidentlikka nomzod bo‘laman”, degan Oq uy yetakchisi.
Uning ta’kidlashicha, o‘zining noyob qobiliyatlari tufayli u uchun ispan tilini o‘rganish ko‘p vaqt olmaydi.
Vashington va Venesuelaning yangi hukumati
Joriy yil boshida AQSH Venesuelada harbiy operatsiya o‘tkazdi. Mamlakat prezidenti Nikolas Maduro 3 yanvar kuni Karakasda Amerika maxsus kuchlari tomonidan qo‘lga olindi va AQSHga olib ketildi. Shundan so‘ng, prezident vazifasini ilgari vitse-prezident lavozimida ishlagan Delsi Rodriges bajara boshladi. U Vashington bosimi ostida siyosiy mahbuslarni qamoqxonalardan ozod qilishga kirishdi. Rodriges, shuningdek, foydali qazilmalar to‘g‘risidagi qonunlarni o‘zgartirib, Venesuelaning neft sektorini xorijiy investitsiyalar uchun ochib berdi. 24 fevral kuni Tramp AQSH o‘zining “yangi do‘sti va hamkori” Venesueladan taxminan 89 million barrel neft olganini e’lon qildi.
27 fevral kuni Rodriges Trampni o‘z mamlakatiga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilishga va Venesuela nefti blokadasini to‘xtatishga chaqirdi. U Maduro ag‘darilganiga qaramay, mamlakatlarni bir-biriga “do‘stona” deb hisoblashini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Karakasdagi hukumat Vashington bilan “hamkorlikning yangi kun tartibini ochishga” intilmoqda.
AQSH Davlat departamenti 5 mart kuni Venesuelaning muvaqqat hokimiyati bilan diplomatik munosabatlarni tiklash bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Marko Rubio boshchiligidagi idora Qo‘shma Shtatlar Venesuela xalqiga “tinch yo‘l bilan demokratik saylangan hukumatga o‘tish uchun sharoit yaratuvchi bosqichma-bosqich jarayon” doirasida yordam berishda davom etishiga va’da berdi.
Live
Barchasi