Tramp TikTok uchun xaridor topdi
Olam
−
30 iyun 2094 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoyning TikTok ijtimoiy tarmog‘ining AQSHdagi bo‘limiga xaridor topganini aytdi. Bu haqda u kecha, 29 iyun kuni “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Amerika rahbari “juda badavlat odamlar” guruhi ijtimoiy tarmoqqa qiziqayotganini bildirdi, biroq ularning ismini aytmadi. Prezident ularni “taxminan ikki hafta ichida” oshkor qilishga va’da berdi.
Trampning so‘zlariga ko‘ra, kelishuv Xitoy rahbari Si Szinpinning roziligini talab qilishi mumkin.
“Menimcha, Rais Si bunga rozilik beradi”, dedi AQSH Prezidenti.
AQSH rasmiylari Xitoyning TikTok kompaniyasiga egalik qiluvchi ByteDance konsernidan Pekin ushbu ijtimoiy tarmoqning amerikalik foydalanuvchilarining shaxsiy ma’lumotlariga kirish huquqiga ega bo‘lishidan qo‘rqib, AQSHdagi bo‘linmasini sotishni talab qilmoqda. Tegishli qonunni Trampdan oldingi prezident, demokrat Jo Bayden imzolagan.
Ijtimoiy tarmoqning Amerika bo‘linmasini sotish muddati 19 yanvar – Tramp inauguratsiyasidan bir kun oldin belgilandi. Biroq Prezident lavozimiga kirishgach, avvaliga 5 aprelga, keyin esa yana 75 kunga uzaytirdi.
Ilgari nomi tilga olingan potensial investorlar orasida texnologiya giganti Microsoft, sun’iy intellekt startapi Perplexity AI, shuningdek, milliarder biznesmenlar Frank Makkort, Mark Andrissen va Ben Xorovits boshchiligidagi kompaniyalar bor edi.
Ehtimoliy xaridorlar orasida Blackstone Group xususiy sarmoya firmasi ham tilga olingan. Uning bosh direktori Stiven Shvarsman Trampning nufuzli tarafdori va Respublikachilar partiyasining asosiy donori hisoblanadi.
Kelishuvga eng ehtimoliy nomzodlardan biri Oracle hisoblanadi. U allaqachon TikTok bilan hamkorlik qiladi va Trampning birinchi prezidentlik davrida ushbu platformaga qiziqish bildirgan.