Tramp Tailand va Kambojani ham rasman yarashtirib qo‘ydi (video)

Olam

image

Bugun, 26 oktyabr kuni Tailand va Kamboja rahbarlari AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirokida kengaytirilgan otishmani to‘xtatish kelishuviga imzo chekdi. Tramp Malayziyaga ASEAN sammitida qatnashish va qator muhim savdo muzokaralariga rahbarlik qilish uchun kelgan edi.

Tailand Bosh vaziri Anutin Chanvirakul va uning kambojalik mavqedoshi Hun Manet “Tinchlikni ta’minlash” shiori yozilgan sahna oldida imzolash marosimida qatnashdi. Bu kelishuv uch oy avval imzolangan vaqtinchalik otashkesimga asoslanadi.

“Ushbu deklaratsiya to‘liq amalga oshirilsa, u uzoq muddatli tinchlikning asosini yaratadi, eng muhimi, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni tiklash jarayonini boshlaydi. Bizning chegaradagi aholimiz urush tufayli bo‘linib ketgan, aybsiz fuqarolar katta jabr ko‘rgan”, dedi Hun Manet.

Tramp iyul oyida ikki davlat rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilib, agar urushni to‘xtatmasa, Vashington bilan bo‘layotgan savdo muzokaralari to‘xtatilishi mumkinligini aytganidan so‘ng besh kunlik jangovar harakatlarga nuqta qo‘yilishiga vositachilik qilgan edi.

“AQSH har ikki davlat bilan tinchlik saqlangan taqdirda faol savdo va hamkorlikni davom ettiradi”, dedi Tramp.

Har ikki tomon ham o‘zaro ayblovlar bilan chiqib, raketalar va og‘ir artilleriya almashinuvi tufayli kamida 48 kishi halok bo‘lganini, taxminan 300 ming kishi vaqtinchalik ko‘chirilganini ma’lum qildi – bu ikki davlatning yaqin tarixidagi eng og‘ir to‘qnashuv bo‘lgan.

Anutin 24 oktyabr kuni Tailand ona qirolichasi Sirikitning vafoti sababli marosimga kelmasligi mumkin edi, ammo keyinchalik kelishuv imzolanishi uchun kelishga qaror qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, har ikki davlat “chegara hududlaridan og‘ir qurollarni olib chiqadi” va Tailand 18 nafar kambodjalik harbiyni ozod qiladi.

Savdo bitimlari 

Tramp Malayziyaga yetib kelganida Bosh vazir Anvar Ibrohim va an’anaviy raqs guruhi tomonidan Quala-Lumpur xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi. U qizil gilam yoyilgan yo‘lakda raqqoslar bilan birga raqs tushdi, so‘ngra bir qo‘liga AQSH, ikkinchisiga Malayziya bayrog‘ini olib, Anvar bilan birga limuzinga o‘tirib shaharga yo‘l oldi.

Tramp boshqa yetakchilar bilan muloqot qilayotgan paytda, AQSH va Xitoy muzokarachilari dunyodagi eng yirik ikki iqtisodiyot o‘rtasidagi savdo urushida yangi keskinliklarni oldini olish maqsadida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi.

25 oktyabr kuni boshlangan muzokaralar chog‘ida nodir metalllar masalasi muhokama qilinganmi, degan savolga AQSHning bosh savdo muzokarachisi Jeymison Grir quyidagicha javob berdi: 

“Biz keng doiradagi masalalarni muhokama qildik, jumladan, savdo choralariga oid vaqtinchalik tuzatishni uzaytirish masalasi ham ko‘tarildi. Menimcha, yetakchilar samarali uchrashuv o‘tkazish arafasida turibdi”, dedi u.

Muzokaralarning markazida Xitoyning nodir yer metallari global ta’minoti ustidan nazorati masalasi turibdi. Vashington esa ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilishga intilmoqda.

Tramp tinchlik bitimini imzolash marosimida so‘zlab, AQSH yaqin kunlarda Tailand va Malayziya bilan muhim minerallar bo‘yicha bitimlar imzolashini ma’lum qildi. Shuningdek, Kamboja bilan keng qamrovli savdo kelishuvi ustida ham ish olib borilayotganini qo‘shimcha qildi.

Bugun, 26 oktyabr kuni kechqurun u sammitda ishtirok etayotgan bir nechta jahon yetakchilari qatorida Braziliya Prezidenti Luis Inasiu Lula da Silva bilan uchrashib, AQSHning yuqori boj stavkalari haqida muhokama olib borishi kutilmoqda.

Lula Vashingtonning Braziliya mahsulotlariga qo‘ygan 50 foizlik bojlarini “xato” deb atadi, chunki so‘nggi 15 yil ichida AQSHning Braziliya bilan savdo balansidagi ustunligi 410 milliard dollarga yetganini ta’kidladi. Tramp esa Osiyo safari oldidan bu tariflarni pasaytirish imkoniyatiga ochiq ekanini bildirdi.

Kanada Bosh vaziri Mark Karni bilan shunga o‘xshash uchrashuv rejalashtirilmagan, chunki qo‘shni davlatlar o‘rtasidagi muzokaralar kutilmaganda to‘xtab qolgan. Tramp kecha, 25 oktyabr kuni Kanadaga nisbatan bojlarni yana 10 foizga “hozirgi miqdordan yuqoriroq” darajada oshirishini aytdi.

Sharqiy Timor ASEAN'ning eng yangi a’zosiga aylandi

Osiyoning eng yosh davlati – Sharqiy Timor yakshanba kuni ASEAN blokining 11-a’zosi bo‘ldi. Bu qadam mamlakatning hozirgi prezidenti tomonidan qariyb yarim asr oldin, u hali Portugaliya mustamlakasi bo‘lgan paytda belgilab qo‘yilgan orzuni amalga oshirdi.

Timor-Leste nomi bilan ham tanilgan bu mamlakatda 1,4 million aholi yashaydi va u Osiyoning eng qashshoq davlatlaridan biri hisoblanadi. Davlat rahbariyati ASEAN'ga qo‘shilish orqali iqtisodiyotini rivojlantirishga umid qilmoqda. Hozirgi kunda uning iqtisodiy hajmi bor-yo‘g‘i 2 milliard dollarni tashkil etadi – bu ASEAN'ning umumiy 3,8 trillion dollarlik yalpi ichki mahsulotining juda kichik qismi xolos.

Sharqiy Timorning a’zolikka qabul qilinishi 14 yillik kutuvdan so‘ng amalga oshdi. Garchi bu qadam mintaqaviy siyosat yoki iqtisodiyotni keskin o‘zgartirishi kutilmayotgan bo‘lsa-da, u mamlakat prezidenti Joze Ramush-Orta va bosh vazir Shanana Gusmao uchun ramziy g‘alaba hisoblanadi – ular davlat mustaqilligi uchun kurashning qahramonlari sifatida tanilgan.

“Timor-Leste xalqi uchun bu nafaqat orzuning ro‘yobga chiqishi, balki bizning yo‘limizning kuchli tasdig‘idir. ASEAN'ga qo‘shilishimiz xalqimizning ruhi va irodasiga, kurash orqali tug‘ilgan yosh demokratiyamizning barqarorligiga guvohlik beradi”, dedi Gusmao o‘z nutqida.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Tailand Kamboja

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing