Tramp Si Szinpindan media magnatni ozod qilishni so‘radi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘tgan hafta Janubiy Koreyaga qilgan tashrifi chog‘ida Xitoy rahbari Si Szinpindan Gonkongda qamoqda bo‘lgan media-tadbirkor Jimmi Layni ozod qilishni so‘ragan. Bu haqda muzokaralar haqida xabardor bo‘lgan uch kishi va AQSH ma’muriyatining bir rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar berdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp Layning ozod qilinishi bo‘yicha aniq kelishuv taklif etmagan, ammo uning sog‘ligi va uzoq davom etgan milliy xavfsizlik bo‘yicha sud jarayonidan keyingi holati haqida umumiy tashvishini bildirgan. Bir manbaning so‘zlariga ko‘ra, Tramp bu masalaga taxminan besh daqiqa vaqt ajratgan.

“Prezident Tramp va’da qilganidek, Jimmi Lay ishini ko‘tardi. Prezident Tramp va Prezident Si mazkur masala bo‘yicha fikr almashdi”, dedi AQSH ma’muriyati rasmiysi. 

Uchinchi manba ham buni tasdiqlab, “bu masala Tramp tomonidan ko‘tarilgani va Si tomonidan qayd etilgani”ni bildirdi. Uning aytishicha, Tramp Layni ozod qilish AQSH–Xitoy munosabatlari uchun foydali bo‘lishini va Pekinning xalqaro imijiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Trampning to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvi Layning sud hukmini kutib turgan bir paytga to‘g‘ri keldi. Bu sud jarayoni Gonkongda inson huquqlari va erkinliklarga qarshi Xitoyning qattiq nazoratining ramzi sifatida ko‘rilmoqda.

Jimmi Lay — demokratiya tarafdori bo‘lgan, hozir faoliyati to‘xtatilgan “Apple Daily”* gazetasining asoschisi. U ikkita “chet el kuchlari bilan til biriktirish” ayblovi va “isyonkor materiallar tarqatishda til biriktirish” ayblovi bo‘yicha aybdor emasligini aytgan.

Tramp muzokaralar oldidan bu masalani ko‘tarish niyatida ekanini aytgan edi, ammo muzokaralardan keyin ikki taraf ham bu haqda rasmiy bayonot bermagan. Oq uy ham bu masala haqida izoh berishdan bosh tortgan.

Vashingtondagi Xitoy elchixonasi rasmii Liu Pengyu esa muzokaralar paytida Lay haqidagi ma’lumotlardan xabardor emasligini bildirib, shunday degan:

“Jimmi Layning jinoyatlari Gonkongning farovonligi va barqarorligiga jiddiy zarar yetkazgan. Sud jarayoniga aralashish yoki huquq ustuvorligini zaiflashtirishga urinishlar muvaffaqiyatsizlikka uchraydi”.

Garchi Lay Britaniya fuqarosi bo‘lsa ham, uning ishi Vashington va Pekin o‘rtasidagi munosabatlarda tortishuv manbai bo‘lib kelmoqda. Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida “Layni 100 foiz ozod qilaman” deb va’da bergan edi.

Layning o‘g‘li Sebasten Lay Trampka minnatdorchilik bildirdi va otasining ozod qilinishiga umid bildirdi:

“Prezident Tramp – Erkinlik rahbari sifatida tanilgan. Uning qo‘llab-quvvatlashi Si Szinpinni otamni ozod qilishga ishontiradi, deb umid qilaman”,  dedi u bayonotida.

Tramp Si bilan bo‘lgan muzokaralarni “muvofaqiyatli” deb baholadi, xususan, nodir metallar eksporti va fentanil moddasi ishlab chiqarishda foydalaniladigan kimyoviy moddalar eksportini cheklash bo‘yicha “katta yutuqlar” haqida gapirdi. Uning aytishicha, muzokaralar davomida Tayvan masalasi ko‘tarilmagan.

Jimmi Lay 1 700 kundan ortiq vaqtdan beri yakka kamerada saqlanayotgani haqida uning oilasi va huquq tashkilotlari ma’lum qilgan. Xitoy va Gonkong rasmiylari esa sud jarayoni adolatli kechayotganini ta’kidlamoqda.

Gonkong — Britaniya mustamlakasidan bo‘lgan sobiq hudud bo‘lib, u hanuz Kommon Lo tizimiga asoslangan mustaqil sud tizimiga ega. Shu sababli, Lay materik Xitoydagi ayblanuvchilarga nisbatan kengroq huquqiy kafolatlarga ega.

Lay hozirda Lay Chi Kok qamoqxonasida hukmni kutib turibdi. Agar aybdor deb topilsa, umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Uning advokatlari ma’lum qilishicha, u yurak urishining beqarorligi bilan aziyat chekmoqda va unga yurak monitori hamda dori vositalari berilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy Si Tszin'pin Gonkong Jimmi Lay

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing