Tramp Rossiyaga qarshi chora ko‘rishni ko‘rib chiqyapti – WSJ
Olam
−
27 may 4186 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga erishilgan muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng shu haftaning boshida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda kecha, 26 may kuni Trampga yaqin manbalariga tayanib, Amerikaning “The Wall Street Journal” (WSJ) gazetasi xabar berdi.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Oq uy rahbari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin tomonidan Ukrainaga qarshi davom etayotgan hujumlar, shuningdek, muzokaralar jarayonining sustligidan tobora ko‘proq norozi bo‘lmoqda.
Nashr manbalaridan birining aytishicha, yangi cheklovlar Rossiya bank sektoriga qarshi choralarni o‘z ichiga olmaydi. Shu bilan birga, Putinni muzokaralar stolida yon berishlari uchun bosim o‘tkazishning boshqa variantlari, jumladan, Ukraina rasmiylari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rozi bo‘lish ham muhokama qilinmoqda.
“Biroq bu borada yakuniy qaror hali qabul qilinmagan va Tramp yangi sanksiyalar joriy etishdan bosh tortishi mumkin”, deya davom etadi nashr.
Shu bilan birga, WSJ manbalarining qayd etishicha, Tramp Ukrainada tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralardan charchagan va agar so‘nggi urinishlar samarasiz bo‘lsa, undan butunlay voz kechish haqida o‘ylamoqda. Jurnalistlarning ta’kidlashicha, agar AQSH bu sa’y-harakatlardan voz kechsa, nima bo‘ladi va Tramp bu holatda Ukrainaga harbiy yordam berishda davom etadimi yoki yo‘qmi, kabi savollar ochiq qolmoqda.
Nashr eslatishicha, 25 may kuni Tramp Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirish imkoniyatini aniq ko‘rib chiqayotganini aytgan. U Putinni tanqid qilib, unga nima bo‘lganini tushunmasligini aytdi.
“Men uni anchadan beri bilaman, doim u bilan til topishib yurganman, lekin u shaharlarga raketalar uchirib, odamlarni o‘ldiradi, bu menga umuman yoqmaydi”, degandi Amerika Prezidenti Rossiyaning Ukraina shaharlariga yangi ommaviy zarbalaridan keyin.
“The Wall Street Journal” nashriga ko‘ra, bu “AQSH va Rossiya o‘rtasidagi munosabatlarning so‘nggi oylarda ham ko‘tarilish va pasayishlarni boshidan kechirgan yangi yomonlashuvidir”. Oq uyga qaytgan Donald Tramp Putin bilan mustahkam shaxsiy munosabatlari tufayli ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash uchun o‘ziga xos mavqega ega ekaniga ishondi.
“U Rossiya Prezidentini yaxshi bilishiga va Trampga iltifot sifatida urushni tugatishiga ishonchi komil edi. Donald Trampning fikri o‘tgan hafta Putin bilan bo‘lib o‘tgan telefon suhbatidan so‘ng o‘zgara boshladi, bunda Kreml rahbari Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga tayyor emasligini ochiq aytdi”, deb yozadi nashr.
AQSHning Ukrainadagi sobiq elchisi Uilyam Teylorning so‘zlariga ko‘ra, Trampning 25 maydagi izohlari u Putinning kimligini aniqlashga harakat qilayotganini ko‘rsatadi.
“Tramp tinch yo‘l bilan hal qilish yo‘lidagi to‘siq Putin degan xulosaga kelayotganga o‘xshaydi yoki allaqachon shunday xulosaga kelgan”, deya qo‘shimcha qildi Teylor.
25 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari 300 ta hujumchi dron va 70 ga yaqin turli turdagi raketalar, jumladan, ballistik raketalar yordamida zarbalar berdi. “Reuters” xabariga ko‘ra, bu Ukrainada keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Ukraina shaharlariga qilingan eng yirik havo hujumidir. Rossiya zarbasi oqibatida kamida 12 kishi halok bo‘ldi.
Live
Barchasi