Tramp Rossiyadagi muzokaralarni qanday baholadi?
Olam
−
04 dekabr 5624 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putinning maxsus vakil Stiv Uitkoff va Prezidentning kuyovi Jared Kushner bilan Moskvada o‘tkazgan uchrashuvni “juda yaxshi” deb baholadi. Bu haqda Amerika yetakchisi kecha, 3 dekabr kuni Oq uyda jurnalistlarning savollariga javob berish chog‘ida aytdi.
Ma’lum qilinishicha, Uitkoff va Kushner Tramp va Ukraina amaldorlarini Putin bilan “keng qamrovli va samarali” tarzda o‘tgan muzokaralar haqida xabardor qilgan. Trampning aytishicha, ular Moskva haqiqatan ham Ukrainadagi mojaroni tugatish istagida ekanini ta’kidlagan.
“Ularda Putin urushning yakunini istashi haqidagi tasavvur paydo bo‘lgan. Menimcha, u yana odatiy hayot tarziga qaytishni xohlayapti”, degan Oq uy rahbari.
Trampning qo‘shimcha qilishicha, uning nazarida, Putin Vashington bilan savdo munosabatlarini yo‘lga qo‘yishni jangni davom ettirishdan ustun qo‘yadi.
Uitkoff va Kushner 2 dekabr kuni muzokaralar uchun Moskvaga yetib borgan. Bu Uitkoffning shu yil ichidagi Rossiyaga oltinchi tashrifi bo‘lib, undan oldingi safari 6 avgustda – Ankoridjdagi Rossiya–AQSH sammiti oldidan amalga oshirilgan edi.
Kremlda Rossiya va AQSH o‘rtasida besh soatga yaqin davom etgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Rossiya tomonidan Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov va chet el mamlakatlari bilan investitsion va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha prezidentning maxsus vakili Kirill Dmitriyev ham ishtirok etdi.
Ushakov uchrashuvni “juda foydali, konstruktiv va mazmunli” deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, muloqot Tramp vakillari undan Putinga “salomlar va eng yaxshi tilaklar”ni yetkazishi bilan boshlangan. Putin ham Trampga do‘stona salomlar va bir qator muhim siyosiy signallarni yetkazishni so‘ragan.
Prezident yordamchisining ma’lum qilishicha, Putin Uitkoff va Kushner bilan hududlarga oid masalalarni muhokama qilgan, bu hududlarsiz Rossiya inqirozning yechimini ko‘rmayotganini ta’kidlagan. Shuningdek, Moskva va Vashington o‘rtasidagi kelgusi iqtisodiy hamkorlikning “katta istiqbollari” ham ko‘rib chiqilgan. Hududiy masalada taraflar yakuniy qarorga kela olmagan, biroq muzokaralarning mazmuni oshkor etilmasligi haqida kelishib olingan.
Live
Barchasi