Tramp Rossiya yaqiniga yuborgan 2 suvosti kemasi manziliga yetib bordi (video)
Olam
−
04 avgust 9678 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiyaning sobiq prezidenti Dmitriy Medvedev bilan sirtdan janjallashganidan so‘ng “tegishli hududga” joylashtirishni buyurgan AQSHning ikkita yadroviy suvosti kemasi belgilangan manzilga yetib bordi. Bu haqda kecha, 3 avgust kuni Tramp Nyu-Jersidan Vashingtonga uchishidan oldin jurnalistlarga ma’lum qildi.
“Ular allaqachon bo‘lishi kerak bo‘lgan mintaqada”, dedi Tramp.
U suvosti kemalari qaysi mintaqada joylashtirilgani, ular yadro inshootlari yoki yadroviy qurollar bilan jihozlanganiga aniqlik kiritmadi. AQSH yadroviy suvosti kemalarining joylashuvi juda sirligicha qolmaoqda.
Trampning ikkita yadroviy suvosti kemasini “tegishli hududlarga” jo‘natish haqidagi buyrug‘i 1 avgust kuni ma’lum bo‘ldi. U bu harakatini Dmitriy Medvedevning “o‘ta provokatsion bayonotlari” bilan izohladi.
28 iyul kuni Medvedev X ijtimoiy tarmog‘ida Rossiyaga qarshi sanksiyalar tarafdori bo‘lgan amerikalik senator Lindsi Grem bilan janjallashib qolgan.
U Oq uy rahbarining yangi ultimatumini – Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha kelishuvga erishish muddatini 50 kundan 10 kunga qisqartirishni – Rossiya va AQSH o‘rtasidagi “tahdid va urush sari qadam”, Tramp va Gremni esa “bobolar” deb atadi.
Bunga javoban Tramp 31 iyul kuni Truth Social'da Rossiya neftining yirik importchilaridan biri bo‘lgan Hindiston va Rossiya iqtisodlarini “o‘lik” deb atadi. U Medvedevni “tilini tiyishga” chaqirdi va “juda xavfli hududga kirayotganini” qayd etdi.
O‘sha kuni Medvedev o‘zining Telegram-kanalida “Rossiya sobiq prezidentining ba’zi so‘zlari butun, dahshatli AQSH Prezidentida shunday asabiy reaksiyaga sabab bo‘ladigan bo‘lsa”, “Rossiya hamma narsada haq va o‘z yo‘lidan borishda davom etadi”, deb yozdi.
Live
Barchasi