Tramp Putin borishidan oldin Lukashenkoga sim qoqdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya rahbari Vladimir Putin bilan uchrashuvga yo‘l olarkan, belaruslik Aleksandr Lukashenko bilan telefon orqali suhbatlashib, 1300 mahbusni ozod qilish masalasini muhokama qildi. Bu haqda Oq uy rahbari bugun, 15 avgust kuni Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi. 

“Hurmatli Aleksandr Lukashenko bilan ajoyib suhbat qurdik. Qo‘ng‘iroqning maqsadi – 16 nafar mahbusni ozod qilgani uchun unga minnatdorlik bildirish edi. Shuningdek, yana 1300 nafar mahbusni ozod qilish masalasini ham muhokama qildik”, deya yozgan Tramp. 

Shuningdek, Amerika rahbari suhbatni “juda samarali” deb atagan. 

“Ko‘plab mavzularni muhokama qildik, jumladan, Prezident Putinning Alyaskaga tashrifini ham. Kelajakda Lukashenko bilan uchrashuvni intiqlik bilan kutyapman”, deya qo‘shimcha qilgan Tramp. 

Lukashenko matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, u Trampni Minskka taklif qilgan va bu taklif qabul qilingan. Biroq Amerika tomoni bu haqda ma’lumot bermagan.

Qayd etish joiz, Tramp birinchi prezidentligi davrida AQSH Lukashenkoni Belarusning qonuniy rahbari sifatida tan olmasligini bildirgan edi. Qolaversa, AQSH Davlat departamenti 2025 yilgi Belarus saylovlari “mavjud repressiv sharoitlarda erkin va adolatli bo‘lishi mumkin emas” degan edi. 

2025 yilning iyun oyi oxirida Belarus prezidenti lavozimiga sobiq nomzod Sergey Tixanovskiy va yana 13 nafar siyosiy mahbus ozod etilgan. Bu voqea Aleksandr Lukashenkoning Minskdagi Mustaqillik saroyida AQSH Prezidentining Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellogg bilan uchrashuvidan so‘ng yuz bergan. Lukashenko va Kellogg o‘rtasidagi muzokaralar kun tartibiga xalqaro muammolar va dunyodagi umumiy vaziyat, mintaqaviy muammolar hamda Belarus-Amerika munosabatlari kiritilgan. Shu tariqa Kellogg so‘nggi yillarda Belarusga borgan AQSHning eng yuqori lavozimli rasmiysi bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Aleksandr Lukashenko Oq uy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing