Tramp Oq uy tomiga chiqdi (video)
Olam
−
06 avgust 9686 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 5 avgust kuni kutilmaganda Oq uy tomiga chiqdi. U kelajakdagi qurilish ishlarini ko‘zdan kechirmoqchi bo‘ldi, deb taxmin qilinmoqda.
Pastda turgan matbuot vakillari ancha uzoqdan tepada nima bo‘layotganini anglashga urindi.
“Janob Prezident, u yerda nima qilyapsiz?” deb baqirdi kimdir.
“Shunchaki ozgina sayr qilyapman”, deb javob berdi u yuqoridan.
“Nima qurilyapti u yerda?”
“Bu narigi tomonda joylashadigan bal zali bilan bog‘liq”, dedi u.
Jurnalistlar yana so‘raganda, Tramp qo‘llari bilan ishora qilib: “Chiroyli bir narsa”, dedi.
Tramp yaqinda e’lon qilingan 200 million dollarlik bal zali loyihasi arxitektori Jeyms MakKreri hamrohligida kichik guruh bilan yurdi. Ular sekin harakatlanar, Tramp tom va hovliga tez-tez ishora qilib, qo‘llari bilan nimalarnidir ko‘rsatardi. Bir necha marta u matbuot guruhiga yaqin burchakka yo‘nalib, qo‘l silkib, qo‘llarini og‘ziga tutib, baqirgancha savollarga javob berdi.
“Bu mening pullarimni sarflashning yana bir yo‘li, mamlakat uchun pul sarflashning yana bir yo‘li. Qanday ish qilmay, hammasini o‘zim moliyalashtiraman”, deb urg‘u berdi u.
Undan qo‘shimcha bino yoki ikkinchi qavat haqida o‘ylayapsizmi, deb so‘rashganda, javob berishdan bosh tortdi.
Keyin Tramp bir necha daqiqaga kameradan tashqariga chiqdi — ehtimol, Janubiy Maydonni ko‘zdan kechirmoqchi bo‘lgan. U qaytib kelganida, jurnalistlar yana savollar yog‘dirishdi.
“Nima qurmoqchisiz o‘zi?” deb baqirdi kimdir.
“Raketalar. Yadroviy raketalar” dedi Tramp, ehtimol hazil qilib va raketa uchirilishini taqlid qilgancha.
So‘ngra u G‘azo haqidagi savolni e’tiborsiz qoldirib, binoga kirib ketdi.
Tomdagi kutilmagan bu sayr Trampning “Xalq uyi” deb ataluvchi Oq uyda o‘ziga xos iz qoldirish istagi bilan bog‘liqdir. U Oval ofisni qayta bezatdi – unga oltin bezaklar, farishtalar, Prezident portretlari va boshqa buyumlar qo‘shildi. Shuningdek, shimoliy va janubiy maydonlarga katta bayroq ustunlari o‘rnatilib, ularda Amerika bayrog‘i hilpirab turibdi. O‘tgan haftada esa ma’muriyati sentyabr oyida ulkan bal zali qurilishi boshlanishini va u Trampning prezidentlik muddati 2029 yil boshida tugashidan avval tayyor bo‘lishini e’lon qildi. Tramp G‘arbiy qanotda paydo bo‘lgan bo‘lsa-da, Oq uy ma’lum qilishicha, bal zali “hozirgi kunda ancha o‘zgargan va qayta qurilgan Sharqiy qanot” joylashgan yerda quriladi.
Garchi bu holat kam uchrasa-da, tarixda ba’zi prezidentlar Oq uy tomiga chiqqan, hatto u yerda uxlagan holatlar ham bo‘lgan. Masalan, 1970 yillarda qayta tiklanadigan energiya manbalarini targ‘ib qilish maqsadida prezident Jimmi Karter G‘arbiy qanot tomiga 32 ta quyosh panelini o‘rnatgan. Ular keyinchalik Reygan ma’muriyati davrida olib tashlangan. 1910 yilda prezident Uilyam Govard Taft yozning issiq kechalaridan qochish uchun tomda uxlashga mo‘ljallangan ayvon qurdirgan edi.
Live
Barchasi