Tramp Netanyaxuni bitimni buzmaslikka majburlay oladimi?
Tahlil
−
14 Oktabr 3116 5 daqiqa
O‘zini tinchlikparvar sifatida ta’riflab, hatto Nobel mukofotiga da’vogarlik qilib kelgan AQSH Prezidenti Donald Tramp dunyo rahbarlari Misrga uning vositachiligidagi tuzilgan Isroil va HAMAS o‘rtasida otashkesim va garovdagilarni ozod etish kelishuvini imzolash uchun kelgan paytda nihoyat kameralar uchun munosib diplomatik g‘alabaga erishdi.
Biroq barqaror tinchlikka erishish uchun, tahlilchilar va diplomatlarning ta’kidlashicha, Tramp o‘z rejasining keyingi bosqichlarida ko‘magi zarur bo‘ladigan inson – Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga bosimni saqlab qolishiga to‘g‘ri keladi.
Bill Klintondan Jo Baydengacha bo‘lgan AQSH prezidentlari qatiyatli Isroil rahbari bilan ishlashni qiyin deb topishgan, hatto Tramp ma’muriyati rasmiylari ham, AQSH siyosatiga zid deb hisoblagan ayrim Isroil zarbalari tufayli, norozilik bildirgan paytlari bo‘lgan.
Biroq shu oyda Tramp Netanyaxuni keng qamrovli tinchlik kelishuvi uchun o‘z tashabbusiga rozi qilishga, shu bilan birga, boshqa Yaqin Sharq davlatlarini HAMASga bosim o‘tkazib, isroillik barcha garovdagilarni qaytarishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi – bu esa urushadagi asosiy tortishuv nuqtasidir.
Biroq bundan keyin ish yanada og‘irlashishi mumkin.
Tramp rejasi bo‘yicha farqli nuqtalar hamon mavjud
Isroil va HAMAS Trampning 21 banddan iborat rejasining bir qator jihatlari bo‘yicha hanuz keskin ixtilofda. Shu bilan birga, Isroil kelgusi yilgi saylovlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan bir paytda, Netanyaxu o‘z o‘ng qanot koalitsiyasini bir safda ushlab qolish uchun yondashuvini o‘zgartirishi mumkin.
Netanyahuning ta’sirli koalitsiyadoshlari – Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrich – HAMAS bilan tuzilgan otashkesim kelishuvini tanqid qildi. Milliy xavfsizlik vaziri Ben-Gvir esa norozilik sifatida hukumatdan chiqib ketish bilan tahdid qilgan.
“Biz siyosiy yilga kiryapmiz, bu yilda hamma narsa saylov kampaniyalari bilan bog‘liq bo‘ladi. Netanyaxunung hisob-kitoblari bosimga bo‘yin egishdan o‘z siyosiy omon qolishini ta’minlashga qarab o‘zgarishi mumkin”, deydi “Mitvim” Isroil tashqi siyosat tafakkur markazi rahbari Nimrod Goren.
Diplomatlar va tahlilchilarning ta’kidlashicha, Trampning tinchlik rejasining kuchi uning zaif tomoni hamdir. Kelishuv asosidagi hujjat ko‘p masalalarni aniq belgilamagan, har ikki tomon ham har bir shartning mayda-chuyda bandiga rozilik bildirmagan. Bu noaniqlik ikki tomonni imzo qo‘yishga ko‘ndirishda muhim bo‘ldi, ammo shu bilan birga, eng murakkab diplomatik ish endi boshlanayotgani haqida signal ham beradi.
Tramp rejasining eng bahsli nuqtalaridan biri – HAMASning qurolsizlanishi va G‘azo kelajak boshqaruvida hech qanday rol o‘ynamasligi shart qilib qo‘yilgani. Harchan HAMAS umumiy tarzda rejaga rozilik bildirgan bo‘lsa-da, guruhning rasmiy javobida bu aniq shart tilga olinmagan, HAMAS rahbarlari esa urushdan keyingi G‘azo boshqaruvida o‘zlari uchun rol ko‘rishlarini bildirgan.
“Bu jarayon har qanday yo‘l bilan izdan chiqishi mumkin. Keyinchalik bunchalik ko‘p ish qoldirilgan xalqaro kelishuvni eslash qiyin”, deydi Vashingtondagi Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazi (CSIS) mutaxassisi va AQSH Davlat departamentining sobiq rasmiysi Jon Alterman.
Bir yuqori lavozimli AQSH rasmiysining aytishicha, Tramp Netanyaxu ustidan ta’sirga ega bo‘lishiga sabablardan biri – Isroilga boshqa muhim masalalarda qat’iy qo‘llab-quvvatlov ko‘rsatgani bo‘lgan.
Trampning birinchi ma’muriyati Quddusni rasman Isroil poytaxti sifatida tan olgan va bahsli Jo‘lon tepaliklarini ham Isroil hududi sifatida e’tirof etgan – bular Isroil hukumati uzoq yillardan beri intilib kelgan narsalar edi.
“Prezident Trampning Isroil bilan qilgan narsasi shundaki, u “o‘rta yo‘lni” tutmoqchi emas. U mutlaqo 100% Isroil bilan yelkadosh turdi. Lekin aynan shu bois, u ularni to‘g‘ri yo‘nalishga boshlay oldi”, deydi AQSH rasmiysi.
1990-yillarda Netanyaxu bilan ishlagan isroillik siyosiy tadqiqotchi Mitchel Barak Tramp Oq uyda turgan ekan, Netanyaxu uchun AQSH yo‘nalishiga “moslashishdan” boshqa yo‘l yo‘qligini aytdi.
Qat’iyroq Tramp
Trampning Netanyaxuga siyosiy bosim o‘tkazish borasidagi tajribasi turlicha baholanadi. Iyul oyida Isroil, AQSH Suriyaning yangi hukumati bilan aloqalarni kengaytirayotgan bir paytda, Damashqdagi Suriya mudofaa vazirligi binosini bombalagan edi. Yevropalik va arab ittifoqchilari orasida gumanitar xavotirlar kuchayib borayotganiga qaramay, AQSH Prezidenti G‘azoda Netanyaxuni bir necha oy davomida siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatladi.
Biroq so‘nggi haftalarda Trampning yanada qat’iy qiyofasi namoyon bo‘ldi. U sentyabrda HAMAS muzokarachilariga qaratilgan, ammo muvaffaqiyatsiz yakunlangan aviazarbadan so‘ng Netanyaxuni Qatar rahbaridan kechirim so‘rash uchun qo‘ng‘iroq qilishga majbur qildi. Natijada, Isroil Bosh vazirining shubhalariga qaramay, uni 21 bandlik tinchlik rejasiga imzo qo‘yishga ham majbur qildi.
“Hozirgi paytda AQSH Prezidentining Isroildagi katta ommaviy mashhurligini hisobga olganda, Tramp balkim Netanyaxu ustidan jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin. Trampning eng kuchli bosimi shundaki, u Isroilda Netanyaxudan ko‘ra siyosiy jihatdan ancha mashhur. U xohlasa, Netanyaxunung siyosiy kelajagini qo‘llab-quvvatlashi, xohlasa, unga xalaqit berishi mumkin,” dedi sharqshunos Jon Alterman.
Kecha, 13 oktyabr kuni Isroil parlamentidagi nutq davomida Tramp, Netanyaxuga sho‘x tarzda murojaat qilib, unga nisbatan alohida hurmat saqlash zaruratini his etmayotganini ko‘rsatdi:
“Endi biroz yo‘l berishing mumkin, Bibi, axir sen endi urushda emassan”, dedi u hazil bilan, zalda kulishlar orasida.
Biroq kelgusi yilgi saylovlar Netanyaxunung siyosiy hisob-kitoblarini oldindan bashorat qilish qiyin bo‘lgan tarzda o‘zgartirishi mumkin. Tahlilchilar ogohlantirishicha, HAMAS qurolsizlanish masalasini ortga sursa, koalitsiyaning o‘ng qanotidagi kuchlar Netanyaxuga G‘azoda harbiy amaliyotlarni qayta boshlash uchun bosim o‘tkazishi, oqibatda Trampning kelishuvini izdan chiqarishi mumkin.
“Biz shu narsadan tashvishdamizki, HAMAS hali ham, hozir ham, G‘azoda hokimiyatda qolish niyati borligini e’lon qilmoqda. Biz HAMASning to‘liq taslim bo‘lishisiz hech qanday kelishuvdan mamnun emasmiz... Biz qisman g‘alabani qabul qilmaymiz”, deydi Smotrichning diniy-ultramillatchi “Diniy Sionizm” partiyasi a’zosi Simxa Rotman.
Yana bir muammo bo‘lishi mumkin – tinchlik rejasida kelgusida Falastin davlati tuzilishi ehtimoli tilga olingan, bu esa tahlilchilar fikricha, 2023 yil oktyabr oyidagi HAMAS hujumidan keyin ko‘pchilik isroilliklar uchun qabul qilish qiyin bo‘ladi.
AQSHning Isroildagi sobiq elchisiDen Shapironing aytishicha, agar hukumat va muxolifat siyosatchilari shunday davlat tuzilishiga qarshi kuchli targ‘ibot olib borishsa, bu arab davlatlarining HAMASni Tramp rejasi bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarishga chorlash istagini pasaytirishi mumkin.
“Bu modda arab davlatlarini o‘z ulushini bajarishga ko‘ndirish uchun qo‘shilgan edi. Agar siyosiy nutqda Falastin davlati g‘oyasi abadiy rad etilsa, o‘sha paytda arablarning o‘z rolini bajarishga bo‘lgan ishtiyoqi so‘nishi mumkin”, dedi Shapiro.
Live
Barchasi