Tramp Moskva va Pekinga bomba tashlash bilan tahdid qilgan – CNN (audio)
Olam
−
09 iyul 13961 2 daqiqa
2024 yilgi saylovoldi tadbirlari chog‘ida AQSH Prezidenti Donald Tramp homiylarga Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni Ukraina bilan urush boshlamaslik haqida qanday ogohlantirgani, xususan, u “Moskvani bombardimon qilish” bilan tahdid qilgani haqida so‘zlab bergan. CNN bu haqdagi audioyozuvni e’lon qildi.
Trampning bu tahdidi haqida 2024 yilning may oyida “The Washington Post” yozgan, biroq o‘sha paytda audioyozuvlar e’lon qilinmagan. CNN’ning yozishicha, audiolar Respublikachilar partiyasining Nyu-York va Florida shtatlaridagi homiylari bilan uchrashuvlarda yozib olingan. AQSHda 2024 yilgi saylovlar haqida kitob yozgan jurnalistlar Josh Dous, Tayler Peyjer va Ayzek Arnsdorf audiyozuvga ega bo‘lgan.
“Men Putinga “agar siz Ukrainaga kirsangiz, men Moskvani bombardimon qilaman. Jiddiy aytyapman, menda boshqa tanlov yo‘q”, deb aytdim. Keyin u “men sizga ishonmayman, bo‘lishi mumkin emas”, dedi. Men ׅ“bo‘ladi”, dedim”, deydi Tramp audiolardan birida.
Trampning aytishicha, Putin unga “10 foiz” ishonch bildirgan. Biroq u bu suhbat qachon bo‘lib o‘tgani haqida aniqlik kiritmagan. Tramp, shuningdek, xuddi shunday tahdidni Xitoy rahbari Si Szinpin bilan suhbatda ham bildirganini aytgan.
AQSH Prezidenti bu safar ham Xitoy Tayvanga bostirib kirsa, AQSH “Pekinni bombardimon qilishi” bilan tahdid qilgan. Trampga ko‘ra, Si bu gapni eshitgach, “Siz aqldan ozgansizmi? Pekin? Siz Pekinni bombardimon qilmoqchimisiz?” deb so‘ragan. Trampning aytishicha, Si ham unga “10 foiz” ishongan. AQSH yetakchisi bu tahdidlardan so‘ng Si bilan “hech qachon muammo” bo‘lmaganini ta’kidlaydi.
Qayd etish joiz, saylov kampaniyasi davomida Tramp bir necha bor Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaroni qisqa muddatda tugatishga va’da bergan. Prezidentlikka kirishgan ilk kunlaridanoq u har ikki tomon tinchlikka rozi ekanini aytgan, ammo vaqt o‘tishi bilan na Putin, na Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga ishonchi qolmaganini bildirgan. Tramp bir necha marta AQSH bu urush bo‘yicha vositachilikdan voz kechishi mumkinligini ham aytgan. Bu esa mojaroning hal qilinishida ijobiy siljish bo‘lmagani bilan izohlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp yana bir bor Putindan norozi ekanini bildirib, Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etishni “jiddiy ko‘rib chiqayotganini” aytgandi.
Live
Barchasi