Tramp Kiyevni hujumga o‘tishga chaqirdi – WP

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp 4 iyul kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan suhbatda Ukraina mudofaa holatida urush yo‘nalishini o‘zgartirmasligini va hujumga o‘tishi kerakligini aytdi. Bu haqda bugun, 18 iyul kuni ukrainalik mulozimga tayanib, “The Washington Post” gazetasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, Trampning Ukraina Moskvani yoki Sankt-Peterburgni bombardimon qila oladimi, degan savoliga Zelenskiy “Agar bizda to‘g‘ri qurol bo‘lsa, biz qila olamiz”, deb javob bergan.

Prezidentlar suhbatining bu qismi avvalroq “The Financial Times” tomonidan keltirilgandi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittning aniqlik kiritishicha, Tramp Zelenskiydan faqat nazariy imkoniyat haqida so‘rayapti, lekin bunday zarba berishga chaqirmagan.

WP manbasining aytishicha, Ukraina Prezidenti devoni rahbari Andrey Yermak ikki prezidentning 4 iyul kuni bo‘lib o‘tgan suhbatini “u bilan butun hayotimizdagi eng yaxshi suhbat” deb atagan, Zelenskiy ham bu fikrga qo‘shilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday ijobiy munosabat Zelenskiy jamoasini hayratda qoldirdi.

Iyul oyida Tramp “Putindan hafsalasi pir bo‘lganini” tan oldi va u bilan bir necha oy oldin kelishuvga erishishga umid qilganini aytdi. 14 iyul kuni u agar yaqin 50 kun ichida Ukrainada tinchlik o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishilmasa, AQSH Rossiyaning savdo hamkorlariga 100 foizlik ikkilamchi bojlar joriy etishini e’lon qildi.

Bundan tashqari, Tramp Yevropa davlatlari bilan birgalikda Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimlari, jumladan Patriot qurilmalari hamda ko‘p sonli qurol-yarog‘ va boshqa harbiy texnika yetkazib berishga va’da berdi.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Trampning bayonotlarini sharhlar ekan, ular “juda jiddiy” ekanini aytdi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Prezidenti amerikalik mavqedoshining bayonotlariga “agar zarur deb hisoblasa” izoh beradi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Donal'd Tramp Ukraina Vladimir Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing