Tramp Kanadaga tahdid qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp AQSH va Kanadani bog‘lovchi yangi avtomobil ko‘prigi ochilishini AQSH bergan barcha yordamlar (xavfsizlik va mudofaa, savdo imtiyozalari, energetika va logistika qulayliklari, siyosiy bosim qilmaslik) uchun “to‘liq kompensatsiya” olmaguncha to‘sib qo‘yish bilan tahdid qildi. Bu haqda Tramp o‘zining Truth Social tarmog‘idagi postida ma’lum qildi.

Kanadalik mashhur xokkeychi nomi bilan atalgan Gordi Xou xalqaro ko‘prigi Kanadaning Ontario provinsiyasi bilan AQSHning Michigan shtatini bog‘laydi. 

“AQSH Kanadaga bergan barcha narsalar uchun to‘liq kompensatsiya olmaguncha va eng muhimi, Kanada AQSHga biz munosib bo‘lgan adolat va hurmat bilan qaray boshlamaguncha men bu ko‘prik ochilishiga ruxsat bermayman”, deb yozgan Tramp. 

Shuningdek, u postida Tramp AQSH ushbu “aktivning kamida yarmiga egalik qilishi kerak”ligini hamda “muzokaralar darhol boshlanishini” aytgan, biroq tafsilotlarni ochiqlamagan. 

Loyiha rasmiy saytida keltirilishicha, ko‘prik Kanada hukumati tomonidan moliyalashtirilgan, biroq u Kanada va Michigan shtatining qo‘shma davlat mulki hisoblanadi.

To‘liq Kanada hukumatiga tegishli bo‘lgan ko‘prik Detroyt daryosi ustidan o‘tadi va 2026 yil boshida rasmiy sinov va tasdiqlash jarayonlaridan so‘ng ochilishi kutilayotgan edi. Qurilish 2018 yilda boshlangan, biroq loyiha 10 yildan ortiq vaqt davomida ikki davlat o‘rtasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Ko‘prik qurilishi 6,4 milliard Kanada dollari (4,7 milliard AQSH dollari)ga tushgan.

“Ko‘prikning Kanada va AQSHdagi tomoni ham Kanadaga tegishli. Albatta, ular ko‘prikni deyarli Amerika materiallaridan foydalanmasdan qurishdi. Endi Kanada hukumati menga shunchaki “Amerikadan foydalanish”ga ruxsat berishimni kutyapti! AQSH nimani olmoqda? Mutlaqo hech narsani!” deb yozgan Tramp.

AQSH va Kanadani bog‘lovchi qo‘shni ko‘prik egalari bo‘lgan Morun oilasi Trampning birinchi prezidentlik muddati paytida undan yangi ko‘prik qurilishini to‘xtatishni so‘ragan edi. Ularning ta’kidlashicha, bu loyiha ularga berilgan pullik yo‘l yig‘imi olish bo‘yicha eksklyuziv huquqlarni buzgan. Bunga javoban Tramp va o‘sha paytdagi Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo qo‘shma bayonot e’lon qilib, yangi ko‘prik ikki mamlakat o‘rtasidagi “hayotiy muhim iqtisodiy bog‘lovchi” ekanini bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kanada Bosh vaziri Kanada va AQSH o‘rtasidagi avvalgi munosabatlar davri yakunlanganini, Kanadani og‘ir davr kutayotganini aytgan edi. U, shuningdek, Kanada o‘z iqtisodiyotini tubdan qayta ko‘rib chiqishi, AQSHga qaramlikni kamaytirishi va xalqaro savdo munosabatlarini o‘zgartirishi kerakligini ta’kidlagan edi.

E’zoza Olimova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Tramp Kanada tahdid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing