Tramp qarorgohiga kirmoqchi bo‘lgan erkak otib o‘ldirildi

Olam

image

AQSH Maxfiy xizmati 20 yoshli erkakni Florida shtatidagi Mar-a-Lago qarorgohi hududiga ruxsatsiz kirishga uringani uchun otib o‘ldirdi. Hodisa vaqtida qarorgohda hech kim bo‘lmagan, Prezident Donald Tramp Vashingtonda bo‘lgan. Bu haqda AQSH Maxfiy xizmati matbuot kotibi Entoni Gulelmi X ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Unga ko‘ra, voqea kecha, 22 fevral kuni taxminan tungi soat 1:30 da sodir bo‘lgan. Halok bo‘lgan shaxsning ismi oshkor etilmagan, uning 20 yoshda ekani ma’lum. Bayonotda aytilishicha, u qarorgohning shimoliy darvozasi yaqinida miltiqqa o‘xshash buyum va yoqilg‘i bilan payqab qolingan.

Maxfiy xizmat agentlari va sherif o‘rinbosari avval u bilan muloqotga kirishgan, keyin vaziyat to‘qnashuvga aylangan va huquq-tartibot xodimlari o‘q uzgan. Maxfiy xizmat xodimlari ham, politsiyachilar ham jabrlanmagan.

Hodisa paytida hududda hech kim bo‘lmagan. Tramp hozirda Vashingtonda. AQSH yetakchisi Mar-a-Lagoni ko‘pincha boshqa davlat rahbarlari va siyosatchilar bilan muzokaralar o‘tkazish joyi sifatida ishlatadi.

Bu Tramp rezidensiyasiga noqonuniy kirishga birinchi urinish emas. O‘tgan yil yozida Texaslik bir erkak Mar-a-Lago hududiga kirib, o‘z so‘zlariga ko‘ra, Injil haqida suhbatlashish va Trampning nabirasiga uylanish niyatini ochiqdan ochiq bildirgan. Signalizatsiya ishga tushgach, agentlar tezda yetib kelgan va 23 yoshli Entoni Reyesni qo‘lga olgan. U devordan oshib o‘tganini tan olgan.

2020 yil yanvarida ham rezidensiya yaqinida otishma sodir bo‘lgan. Qora yo‘ltanlamas avtomobildagi noma’lum shaxslar ikkita nazorat punktini buzib o‘tgan, huquq-tartibot xodimlari esa asosiy darvoza tomon yaqinlashayotgan mashinaga qarata o‘q uzgan va ularni qo‘lga olgan.

2019 yil aprelida esa Xitoy fuqarosi Mar-a-Lago hududiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. U o‘zini yopiq klub a’zolaridan birining qarindoshi sifatida tanishtirib, agentni chalg‘itgan. Keyinchalik u qo‘lga olingan, undan to‘rtta mobil telefon, noutbuk va zararli dastur o‘rnatilgan flesh-xotira topilgan. O‘sha yilning noyabrida sud uni sakkiz oyga ozodlikdan mahrum qilgan, biroq qamoqda o‘tkazgan vaqti inobatga olinib, bir necha kundan so‘ng ozodlikka chiqarilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH sudi Prezident Donald Trampga suiqasd qilishga urinish ishi bo‘yicha aybdor deb topilgan Rayan Rautni umrbod qamoq jazosiga hukm qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Vashington Mar-a-Lago

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing