Tramp Fransiyada: Makron va Tramp uchrashuvi keskin muhokamalarga sabab bo‘ldi (video)
Olam
−
16 iyun 7736 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Trampning Fransiyada bo‘lib o‘tayotgan G7 sammitidagi ko‘rinishi uning salomatligi borasidagi muhokamalarni yana kuchaytirdi.
Ilgari qattiq va uzoq davom etadigan qo‘l siqishlari bilan tanilgan Tramp bu safar Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan ancha sokin salomlashdi.
80 yoshini 14 iyun kuni nishonlagan Tramp 15 iyun kuni Jenevaga yetib kelib, G7 sammiti o‘tayotgan Evian-le-Ben shahriga yo‘l oldi. Makron bilan uchrashuv videosi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilindi.
Avvalgi Tramp–Makron uchrashuvlari uzoq va kuchli qo‘l siqishlari bilan esda qolgan edi. Masalan, ularning 2017 yildagi ilk uchrashuvida qo‘l siqish deyarli 30 soniya davom etgan, 2018 yilgi G7 sammitida esa Makronning qattiq siqishi Tramp qo‘lida iz qoldirgani aytilgan.
Biroq bu galgi uchrashuvda Tramp avvalgidek keskin harakatlar qilmagan va ancha charchagandek ko‘ringani haqida kuzatuvchilar fikr bildirmoqda.
2025 yilda Oq uy Trampda surunkali venoz yetishmovchilik aniqlanganini ma’lum qilgan. Bu kasallik qon tomirlari faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘pincha yoshi katta odamlarda uchraydi. Shifokorlar unda chuqur venalar trombozi aniqlanmaganini bildirgan.
Shuningdek, Trampning qo‘llaridagi ko‘karish va rang o‘zgarishlari ham bir necha bor muhokamalarga sabab bo‘lgan. Oq uy shifokorlari buni yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun qabul qilinadigan aspirin va tez-tez qo‘l siqish oqibatidagi mayda shikastlanishlar bilan izohlagan.
Tramp esa “The Wall Street Journal” gazetasiga bergan intervyusida salomatligi “mukammal” ekanini aytgan va qo‘llaridagi izlar aspirindan paydo bo‘lganini ta’kidlagan.
2026 yil may oyida o‘tkazilgan tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra, Oq uy Trampning yurak, o‘pka, asab tizimi va umumiy jismoniy holati yaxshi ekanini ma’lum qilgan. U kognitiv testda maksimal – 30 balldan 30 ball olgan.
Tramp G7 sammitida Eron bilan erishilgan kelishuv, global iqtisodiyot, energiya bozorlari, sun’iy intellekt va migratsiya masalalarini muhokama qilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, uning avval kuch va qat’iyat ramzi sifatida ko‘rilgan ommaviy obraziga nisbatan bu safar paydo bo‘lgan “charchoq” taassuroti xalqaro kuzatuvchilar hamda siyosiy tahlilchilar e’tiboridan chetda qolmagan.
Eslatib o‘tamiz, Tramp Emmanuel Makron bilan uchrashuv chog‘ida Eron bilan urushni to‘xtatishga qaratilgan dastlabki kelishuv allaqachon imzolanganini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi