Tramp Eronga yana tahdid qildi

Olam

image

AQSH va Eron rasmiylarining yadroviy kelishuvga qaytish bo‘yicha rejalashtirilgan uchrashuvidan bir necha kun oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp Tehron uning ultimatumini qabul qilmasa, harbiy harakatlar boshlash niyatida ekanini yana bir bor ta’kidladi. Bu haqda Tramp kecha, 9 aprel kuni jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

Tramp Eronning gullab-yashnashi va “buyuk bo‘lishini” istashini, biroq mamlakatning yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligini aytdi. AQSH Prezidentiga ko‘ra, Tehron go‘yo buni tushunadi.

U, shuningdek, agar kerak bo‘lsa, harbiy kuch ishlatishga va’da berdi va Isroil ehtimoliy hujumda ishtirok etishini aytdi.

“Harbiy yo‘l bilan qilish kerak bo‘lsa, harbiy yo‘l bilan qilamiz. Bunda Isroil juda faol ishtirok etishi aniq. Ular buning yetakchilari bo‘lishadi. Lekin hech kim bizni boshqarmaydi. Biz xohlaganimizni qilamiz”, deb ishontirdi Tramp.

Eron Trampning takroriy tahdidlariga javoban AQSHga “qattiq javob” berishni va’da qildi va Vashingtonni keskinlashuvdan voz kechishga chaqirdi.

“Biz Prezident Trampni Yaqin Sharqdagi halokatli urushga botgan yana bir AQSH Prezidenti bo‘lishni xohlashini tasavvur qila olmaymiz”, deb yozdi Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi “The Washington Post” gazetasida e’lon qilingan maqolasida

Tramp o‘zining birinchi muddatida Qo‘shma Shtatlarni yadroviy kelishuv deb nomlanuvchi 2015 yildagi Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasidan bir tomonlama olib chiqdi. Shundan so‘ng AQSH Prezidenti Tehron kelishuvning o‘ziga tegishli qismini bajarmayotganini ta’kidlab, kelishuvning o‘zini “eng yomoni” deb atagandi.

12 aprel kuni AQSH va Eron delegatsiyalarining uzoq vaqtdan beri birinchi rasmiy uchrashuvi Ummonda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Tramp avvalroq muzokaralar to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘lishini aytgan, biroq Tehron buni rad etadi.

Keyinroq Davlat departamenti matbuot kotibi Temmi Bryus gap “muzokaralar” emas, balki mamlakatlar vakillarining “uchrashuvi” haqida ketayotganini aytdi, Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt esa suhbat vositachilarsiz o‘tishini ta’kidladi.

Buning oldidan Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon jamoatchilikni yana bir bor ishontirdiki, Tehron “yadro bombasi ortidan quvlamayapti” va AQSH bilan munosabatlarni yaxshilash tarafdori. Xususan, u tomonlar eskalatsiyadan uzoqlasha olsa, respublikaga to‘g‘ridan to‘g‘ri Amerika sarmoyasi kiritish istiqbollarini eslatib o‘tdi.

“Janobi Oliylari amerikalik sarmoyadorlarning Eronga sarmoya kiritishiga qarshi emas. Amerikalik investorlar, keling va investitsiya qiling”, dedi Pezeshkiyon Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga tayanib.

“Reuters”ning yozishicha, Eron Tramp bilan yadroviy kelishuv bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borish imkoniyati uchun savdolashishga harakat qilmoqda. Agentlik manbasiga ko‘ra, Eron AQSHga “yuzma-yuz” muzokaralar boshlanishidan oldin “yaxshi niyat imo-ishoralarini” ko‘rishni xohlayotganiga shama qilgan.

“Bunday imo-ishoralar AQSH sanksiyalarini yumshatish yoki Eronning xorijdagi ayrim aktivlarini muzlatib qo‘yishni o‘z ichiga olishi mumkin”, deya ta’kidladi “Reuters”.

Qayd etish joiz, Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush olib borayotgan Moskva AQSH bilan muzokaralarda ham xuddi shunday taktikadan foydalanmoqda va Kreml Vashington tomondan faol qarshilikka duch kelmayapti.

Kutilgan muzokaralarga qaramay, 9 aprel kuni AQSH Moliya vazirligi Eronning beshta kompaniyasi va bir jismoniy shaxsini sanksiyalar ro‘yxatiga qo‘shdi. Vashington ularni mamlakat yadroviy dasturini qo‘llab-quvvatlashda aybladi. Jumladan, yuridik shaxslar orasida Eron Atom energiyasi tashkiloti tomonidan nazorat qilinadigan kompaniyalar – Iran Centrifuge Technology Company, Thorium Power Company, Pars Reactors Construction and Development Company va Azarab Industries Co bor.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Eron Donal'd Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing