Tramp Eronga yadro qurolisiz baxtli bo‘lishni tiladi
Olam
−
12 aprel
2506Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp yana bir bor Eronning gullab-yashnashi, ammo yadro qurolidan xoli davlat bo‘lishini tiladi. Bu haqda Prezident Oq uyda jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda so‘z ochdi.
“Men Eron sehrli, buyuk, baxtli mamlakat bo‘lishini istayman. Ammo ular yadro quroliga ega bo‘lmasligi kerak”, degan AQSH rahbari.
Ma’lum qilinishicha, Trampning ushbu bayonotlari 12 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan yadroviy kelishuv bo‘yicha Amerika-Eron muzokaralari fonida yangramoqda.
Shu bilan birga, Eron parlamenti prezidiumi a’zosi Ahmad Nodiriy Tehronning Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga a’zoligini davom ettirishni qayta ko‘rib chiqish kerakligini ham aytgan.
Ma’lumot uchun, bugun, 12 aprel kuni Ummonda AQSH va Eron vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda Eron yadro dasturi atrofidagi vaziyatni tartibga solish parametrlarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Oq uyning ta’kidlashicha, muzokaralar bevosita, Tehronning ta’kidlashicha, vositachilar orqali olib boriladi. Amerika delegatsiyasiga Prezidentning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Eron delegatsiyasiga esa Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi boshchilik qiladi.
Tehron kelajakda kelishuvdan chiqishga qaror qilishi mumkin bo‘lgan tomonga qarshi sanksiyalar joriy etish imkoniyatini hujjatda belgilashni taklif qilib, Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini takomillashtirishni talab qilmoqda. AQSH, o‘z navbatida, nafaqat Eron yadro dasturining harbiy qismi rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslikni, balki Eronning barcha yadroviy ob’ektlarini to‘liq yo‘q qilishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, Vashington Tehronning Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishi va Eronning ballistik raketalarni ishlab chiqish dasturini cheklashni talab qilmoqda.
Eron o‘zining tashqi siyosiy va mudofaa imkoniyatlarini cheklashga qaratilgan har qanday urinishlarni qat’iyan rad etib, tinch yadro energetikasini rivojlantirishga bo‘lgan huquqini ta’kidlab keladi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH va Eron rasmiylarining yadroviy kelishuvga qaytish bo‘yicha rejalashtirilgan uchrashuvidan bir necha kun oldin AQSH Prezidenti Donald Tramp Tehron uning ultimatumini qabul qilmasa, harbiy harakatlar boshlash niyatida ekanini ta’kidlagandi.
LiveBarchasi