Tramp Eron bilan muzokaralarda “sezilarli o‘sish” borligini aytdi
Olam
−
26 may 2025 7577 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron bilan yadroviy dastur bo‘yicha muzokaralarda sezilarli muvaffaqiyatga erishganini ma’lum qildi va tez orada ijobiy natijalarga umid bildirdi. Bu haqda u kecha, 25 may kuni Morristaun aeroportida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
“Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi muzokaralarda muhim yutuqlarga erishildi. Ko‘ramiz nima bo‘ladi, lekin menimcha, Erondan yaxshi xabar eshitishimiz mumkin”, dedi u.
Eron tomoni bilan yangi aloqalar kutilmoqdami degan savolga Tramp shunday javob berdi:
“Juda tez orada. Ertaga nima bo‘lishini ayta olmayman, lekin muzokaralar juda yaxshi ketmoqda. Men portlashlar bo‘lmasligi va odamlar o‘lmasligi uchun shunday bo‘lishini juda xohlardim. Men buni juda xohlayman”.
G‘azodagi vaziyat haqida gapirar ekan, AQSH Prezidenti Vashington ham, Isroil ham HAMAS vakillari bilan bevosita aloqada ekanini aytdi.
“Biz buni imkon qadar tezroq to‘xtata olamizmi yoki yo‘qligini ko‘rmoqchimiz”, deya qo‘shimcha qildi u.
Tehron va Vashington o‘rtasidagi kelishmovchilikning asosiy nuqtasi uranni boyitish masalasi bo‘lib qolmoqda. Eron yadroviy dasturini cheklash evaziga sanksiyalarni yumshatishni talab qilmoqda, bu esa atom bombasini yaratishga to‘sqinlik qilmoqda. Amerika rasmiylari avvalroq uranni past darajada boyitishga rozilik bildirishgan bo‘lsa-da, oxirgi paytlarda jarayonning barcha bosqichlarini butunlay to‘xtatishni talab qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 23 may kuni Italiya poytaxti Rimda Ummon vositachiligida Eron va AQSH o‘rtasidagi muzokaralarning beshinchi raundi yakunlandi. Uchrashuv Ummonning Rimdagi elchixonasida bo‘lib o‘tdi.