Tramp Eron AQSHdan sulh so‘raganini aytdi
Olam
−
01 aprel 1990 2 daqiqa
Eronning yangi rahbariyati AQSHga sulh tuzish bo‘yicha so‘rov yuborgan. Bu haqda bugun, 1 aprel kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington roziligi uchun asosiy shart Hormuz bo‘g‘ozining ochilishi hisoblanadi. Ushbu strategik suv yo‘li blokadadan chiqarilmaguncha, Amerika harbiylari Eronni “kul-talqon qilishda yoki aytilganidek, tosh davriga qaytarishda” davom etadi.
“Avvalgilariga qaraganda ancha kamroq radikal va ancha aqlliroq Eron rejimining yangi rahbari hozigina Amerika Qo‘shma Shtatlaridan o‘t ochishni to‘xtatishni so‘radi! Hormuz bo‘g‘ozi ochiq, erkin va tozalangan bo‘lsa, biz bu taklifni ko‘rib chiqamiz”, deb yozdi Oq uy rahbari.
U Eron rahbarlaridan aynan kim sulh so‘raganiga aniqlik kiritmagan.
Ushbu bayonot Tramp 28 fevralda boshlangan “Epik g‘azab” (Epic Fury) operatsiyasini imkon qadar tezroq yakunlash istagini bildirganidan bir kun o‘tib yangradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq u jurnalistlarga AQSH Erondan “ikki-uch hafta ichida” chiqib ketishini va urushni tugatish uchun Eron bilan tinchlik shartnomasi tuzish shart emasligini aytgan edi.
Bugun, 1 aprel kuni AQSH Prezidenti “Reuters” bilan suhbatda AQSH Erondan “ancha tez” chiqib ketishi mumkinligini, ammo zarurat tug‘ilganda “nuqtali zarbalar” berish uchun qaytishini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika harbiylarining harakatlari tufayli Tehron yadroviy arsenalga ega bo‘lolmasligi kafolatlangan.
“Ularda yadro quroli bo‘lmaydi, chunki hozir bunga qodir emaslar, keyin esa men ketaman... va agar kerak bo‘lsa, biz nuqtali zarbalar berish uchun qaytamiz”, deydi Prezident.
Vashington Eronga qarshi operatsiyani qachon tugagan deb hisoblashi haqidagi savolga Tramp: “Sizga aniq ayta olmayman... biz undan ancha tez chiqamiz”, deb javob berdi.
Kecha, 31 mart kuni Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon Yevropa Ittifoqi Kengashi rahbari Antoniu Koshtaga Eronning “ushbu urushni to‘xtatish uchun zarur irodasi borligini” aytgan edi. Biroq uning ta’kidlashicha, bu ma’lum shartlarning bajarilishiga bog‘liq. Gap, aftidan, Eron urushni tugatish va Hormuz bo‘g‘ozini ochish uchun talab qilayotgan besh band haqida ketmoqda.
Xususan, gap AQSH va Isroilning Eronga, shuningdek, Yaqin Sharqdagi Eron proksi-kuchlariga hujumlarini to‘liq to‘xtatish, Tehronga reparatsiya to‘lash va Hormuz bo‘g‘ozi ustidan Eron suverenitetini xalqaro miqyosda tan olish haqida bormoqda.