Tojikistonning O‘zbekistonda ushlangan hokimi qamaldi

Olam

image
Tojikistonda sobiq tashqi ishlar vaziri 27 yilga qamaldi north_east

Tojikistonda sobiq tashqi ishlar vaziri 27 yilga qamaldi

Tojikistonning So‘g‘d viloyatidagi Konibodom shahrining sobiq hokimi Abdusalom To‘xtasunzoda “pora olish” va “firibgarlik”da aybdor deb topilib, shahar sudi tomonidan 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda “Asia-Plus” xabar berdi.

Biroq hukm hali qonuniy kuchga kirmagani bois, ish tafsilotlari oshkor etilmagan. Abdusalom To‘xtasunzoda joriy yilning yanvar oyida Konibodom hokimi lavozimidan ozod etilgan va aprel oyi boshida O‘zbekistonda hibsga olingan va Tojikistonga olib ketilgan edi.

30 aprel kuni Konibodom shahar sudi To‘xtasunzodani Tojikiston Respublikasi Jinoyat kodeksining ikki moddasi – 319-modda (pora olish) va 247-modda (firibgarlik) bo‘yicha aybdor deb topdi. Nashr manbalariga ko‘ra, unga hukm yopiq sud majlisida chiqarilgan.

To‘xtasunzodaning o‘zi, uning yaqinlari va himoyachisining hukmga nisbatan fikri noma’lum.

50 yoshli Abdusalom To‘xtasunzoda Tojikiston Prezidentining 2020 yildagi farmoni bilan Konibodom hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan va bir necha oydan so‘ng shaharning to‘liq hokimi etib tayinlangan edi. U bu lavozimda 2025 yilning yanvarigacha ishlagan.

To‘xtasunzoda bilan birga Konibodomning yana bir qancha sobiq yuqori lavozimli amaldorlari hibsga olingan. Biroq ular aynan nimada ayblanayotgani noma’lum.

Rasmiylar bu borada hech qanday rasmiy ma’lumot bermagan.

Ularning barchasi o‘tgan yili Konibodomda sodir bo‘lgan shov-shuvli va sirli qotilliklarni tergov qiluvchi maxsus guruh tashrifidan so‘ng qo‘lga olingani ma’lum.

2024 yilning mart-dekabr oylari orasida sodir bo‘lgan qotilliklar 7 oila a’zosi bo‘lgan 23 kishining o‘limiga sabab bo‘ldi. 2024 yilning 21 dekabr kuni Tojikiston Bosh prokuraturasi jinoyatlar fosh etilgani va 4 nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingani haqida xabar bergan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan Saidahmad Sultonov 7,5 yilga ozodlikdan mahrum qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

firibgarlik Konibodom hokimi Abdusalom To'xtasunzoda pora olish

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing