Tojikistonda bolalarga ijtimoiy tarmoqlarni taqiqlash taklif qilindi
Olam
−
29 Sentabr 2282 1 daqiqa
Tojikiston parlamenti deputati Dilnoza Ahmadzoda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlashni, o‘smirlar foydalanishini esa qat’iy nazorat ostiga olishni taklif qildi. Uning bu haqdagi taklifi “Narodnaya gazeta” nashrida e’lon qilindi.
Deputatning bildirishicha, joriy yilda mamlakat hukumati bolalar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga yolg‘on va zararli ma’lumotlarga oid ayrim o‘zgartirishlarni kiritgan. Shunga qaramay, uning fikricha, bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini nazorat ostiga olish uchun qonunga boshqa o‘zgartirishlar ham kiritish zarur.
Ahmadzodaning taklifiga ko‘ra, 14 yoshgacha bo‘lgan voyaga yetmaganlarga ijtimoiy tarmoqlarga kirish mutlaqo taqiqlanishi kerak, 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar esa faqat ota-onaning yozma roziligi bilan foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Biroq mutaxassislar fikricha, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni butunlay taqiqlash muammoni hal qilmaydi. Ularning fikriga ko‘ra, to‘liq taqiq qo‘yishdan ko‘ra, foydalanishni tartibga solish va nazorat qilish samaraliroq bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya hukumati ijtimoiy tarmoqlarda 16 yosh chegarasini belgilash va 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarga nisbatan jazolarni qayta tartibga solishga doir chora-tadbirlarni yakunlagani haqida xabar berilgan edi. Loyihadagi beshta turli qonunda o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, jami 17 moddadan iborat paket tayyorlangan.
Live
Barchasi