Tojikiston ham Isroilning Dohaga zarbalarini qoraladi

Olam

image

Tojikiston 9 sentyabr kuni Doha shahriga berilgan raketa zarbalarini Qatar davlatining hududiy yaxlitligiga qarshi tajovuz sifatida baholaydi va ularni keskin qoralaydi. Bu haqda kecha, 10 sentyabr kuni respublika Tashqi ishlar vazirligi saytida e’lon qilingan bayonotda so‘z boradi.

“Ushbu harakatlar xalqaro huquq va BMT Nizomining asosiy qoidalarini ochiqdan-ochiq buzishdir, bu esa Yaqin Sharq mintaqasida shusiz ham murakkab vaziyatning keskinligini oshiradi”, deyiladi Tojikiston tashqi ishlar vazirligi bayonotida.

Qayd etilishicha, Tojikiston Respublikasi doimiy ravishda diplomatik kanallar va muzokaralardan kelishmovchilik va mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etishning samarali vositasi sifatida foydalanish tarafdori.

9 sentyabr kuni tushdan keyin Qatar poytaxti Dohada bir nechta portlashlar sodir bo‘ldi. Isroil mudofaa kuchlari HAMASning yuqori rahbariyatiga maqsadli zarba berilganini e’lon qildi.

Bu hujum Isroil tomonidan Qatar hududiga tarixdagi birinchi zarba bo‘ldi. Netanyaxu Isroil operatsiyani boshlaganini, uni mustaqil ravishda amalga oshirganini va to‘liq javobgarlikni o‘z zimmasiga olganini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ko‘plab mamlakatlar qatori O‘zbekiston ham Isroilning Doha shahridagi turarjoy hududiga uyushtirgan hujumlarini qoralab, buni Qatar suverenitetini buzish, chegaralar daxlsizligi va xavfsizligiga tajovuz deb baholagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tojikiston Doha Qatar Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing