Tojik-afg‘on chegarasida yana otishma bo‘ldi. Qurbonlar bor
Olam
−
16:05 3150 2 daqiqa
Tojikiston va Afg‘oniston chegarasida yana otishma bo‘ldi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik Chegara qo‘shinlari xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, 29 yanvar kuni soat 19:30 atrofida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining 0341-qismining Bahorak chegara posti hududida 5 nafar afg‘on kontrabandachisi chegarani noqonuniy ravishda kesib o‘tib, mamlakatga kirgan.
Kuzatuvlar natijasida afg‘onlarning hududdagi yo‘nalishi aniqlangan. Qurollangan kontrabandachilar chegara qo‘riqchilarining buyruqlariga bo‘ysunmay qarshilik ko‘rsatib, Afg‘oniston tomon qochishga uringan. Otishmalari oqibatida uch nafar afg‘on kontrabandachisi voqea joyida zararsizlantirilgan. Ikki nafar kontrabandachi tun qorong‘uligidan foydalanib, Afg‘oniston tomon qochishga muvaffaq bo‘lgan.
Xabarga ko‘ra, voqea joyidan 3 ta Kalashnikov avtomati, 150 ta o‘q-dori, 4 ta paketda 73 ta giyohvand moddalar “gashish”, “afyun” va qayiq musodara qilingan.
Ayni paytda holat yuzasidan, Tojikiston Jinoyat kodeksining 200-moddasi (giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarni sotish maqsadida noqonuniy olib o‘tish), 289-moddasi (kontrabanda), 335-moddasi (Tojikiston Respublikasi davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish) va 195-moddasi (qurol, o‘q-dori, portlovchi moddalar va portlovchi qurilmalarni noqonuniy ravishda olish, o‘tkazish, sotish, saqlash, tashish yoki olib yurish) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari boshlangan.
Eslatib o‘tamiz, bu hodisa Tojikiston-Afg‘oniston chegarasida birinchi qurolli to‘qnashuv emas. Avvalroq, Afg‘oniston bilan chegara orqali Tojikistonga noqonuniy kirgan to‘rt nafar qurollangan terrorchi yo‘q qilingani haqida xabar berilgandi.
Aliqulov Javohir
Live
Barchasi