Toshkentdagi musiqa maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi
Madaniyat-san’at
−
15 aprel 2735 2 daqiqa
Toshkent shahridagi musiqa maktabiga O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov nomi beriladi. Bu haqda Prezidentning joriy yilning 15 fevral kuni qabul qilingan “O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirov ijodini keng targ‘ib qilish hamda yosh avlodga munosib yetkazish to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahar Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi. Shuningdek, maktabda:
- “Yalla” nomidagi bolalar ansambli faoliyati tashkil etiladi;
- Yoshlar ijodiy laboratoriyasi hamda “ustoz-shogird” an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorat maktablari tashkil etiladi;
- Maktab badiiy-pedagogik kengashi qarori bilan tashkil etilgan mahorat maktabining ustoz-ijodkorlari Davlat byudjeti hisobidan har oyda mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining 5 baravari miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
Shuningdek, yoshlar ijodiy laboratoriyasi doirasida:
- 2026/2027 o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 3 nafardan bolalar musiqa va san’at maktabining iqtidorli o‘quvchilaridan iborat guruh shakllantirilib boriladi hamda ta’til davrida yozgi to‘garakka jalb etilib, estrada xonandaligi bo‘yicha maxsus bepul kurslarda o‘qitiladi;
- 2026/2027 o‘quv yiligacha zamonaviy ovoz yozish va tasvirga olish studiyasi tashkil etiladi hamda u sahna jihoz va liboslari bilan ta’minlanadi;
- Maktab va yozgi to‘garakka jalb qilingan o‘quvchilarning ijod namunalari televideniye va xalqaro onlayn platformalarda namoyish etib boriladi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi maktabni zarur musiqa cholg‘u asboblari, zamonaviy jihoz va texnikalar, shuningdek, musiqa darsliklari va notalar to‘plamlari bilan ta’minlaydi.
Live
Barchasi