Toshkentdagi asosiy ko‘chalardan birida yangi burilish joyi ochildi (video)
Jamiyat
−
18 iyun 5918 1 daqiqa
Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun ortiqcha yo‘l bosish masofasi qisqartirilib, yangi burilish joyi ochildi. Bu haqda Toshkent shahrida Yo‘l harakatini tashkil etish markazi (YHTEM) xabar berdi.
Qayd etilishicha, YHTEM Abdulla Qodiriy ko‘chasida harakatni tashkil etish sxemasini optimallashtirgan. Avval Ekopark tomondan harakatlanib, Movarounnahr va Mahatma Gandi ko‘chalari yo‘nalishida qayrilib olmoqchi bo‘lgan haydovchilar ruxsat etilgan joyda qayrilish uchun 2 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishlariga to‘g‘ri kelardi. Endilikda qayrilib olish imkoniyati bevosita Abdulla Qodiriy ko‘chasining o‘zida tashkil etilgan. Haydovchilar taxminan 500 metr masofa bosib o‘tishi zarur.
Qayrilib olish uchun harakat yo‘li qariyb 4 baravarga qisqargan, ortiqcha bosib o‘tiladigan masofa esa deyarli 75 foizga kamaygan. Shuningdek, avval qayrilib olish uchun 6–8 daqiqa vaqt ketgan bo‘lsa, hozir bu jarayon taxminan 1,5–2 daqiqani tashkil etmoqda. Ya’ni bitta haydovchi birgina manyovrda o‘rtacha 4–6 daqiqa vaqt tejaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda noto‘g‘ri “parkovka” qilganlarga nisbatan choralar keskinlashtirilib, to‘xtash taqiqlangan joylarda qoldirilgan avtomobillar evakuvator yordamida jarima maydonlariga olib ketilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi