Toshkentda hokimlik bosh mutaxassisi pora olayotganda ushlandi
3-sahifa
−
08 yanvar 4863 1 daqiqa
Toshkent shahar Uchtepa tumani hokimligining Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi 3 ming dollar bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Xususan, Uchtepa tumani hokimligining Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi noqonuniy ravishda tadbirkordan 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hokimiyat vakili go‘yoki joriy yilda Uchtepa tumani hududida buzilishi lozim bo‘lgan savdo do‘konlari va boshqa manzillar ro‘yxati tuzilayotganini ro‘kach qilib, tadbirkorga tegishli do‘konni tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali mazkur ro‘yxatga kiritmaslik hamda buzdirmaslik evaziga ushbu pul mablag‘ini talab qilgan.
Bildirilishicha, hozirda bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi (firibgarlik) “v” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatida imtihonlardan past baho olgan kursdoshining bahosini ko‘tarib berishni va’da qilgan ichki ishlar organi xodimi va bu ishda ishtirok etgan universitet menejeri pora bilan qo‘lga tushgan edi.
Live
Barchasi