Toshkentda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy vakolatxonasi ochildi

Jamiyat

image

Bugun, 18 iyun kuni Yevropa investitsiya banki (YeIB) Toshkent shahrida Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasini ochdi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, vakolatxona YeIB vitse-prezidenti Marek Mora tomonidan ochilgan. U bankning Markaziy Osiyodagi tobora ortib borayotgan ishtiroki va mintaqadagi investitsiya loyihalari portfelining kengayib borayotganini ta’kidlagan.

“Biz mintaqaviy vakolatxona ochishga qaror qilganimizda Markaziy Osiyoda o‘zgarishlar qanchalik tez sur’atlarda kechayotganini va sifatli investitsiyalarga talab qanchalik yuqori ekanini ko‘rdik. Hududda bevosita faoliyat yuritish bizga tezroq harakat qilish, hamkorlarimiz bilan yaqindan ishlash va g‘oyalarni amaliy loyihalarga aylantirish imkonini beradi. Biz transport va energetikadan tortib suv va raqamli infratuzilmagacha bo‘lgan sohalarda katta imkoniyatlarni ko‘rmoqdamiz”, deydi u.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning bildirishicha, O‘zbekiston o‘z kelajagiga katta sarmoya kiritmoqda va bu kuchli xalqaro hamkorliklarni talab qiladi. Toshkentda Yevropa investitsiya banki vakolatxonasining ochilishi yangi tajriba, yangi moliyalashtirish imkoniyatlari va iqtisodiyot hamda fuqarolar uchun muhim bo‘lgan murakkab loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashadigan uzoq muddatli hamkorni taqdim etadi.

“Toshkentda Yevropa Investitsiya Bankining mintaqaviy vakolatxonasi ochilishi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasida tobora mustahkamlanib borayotgan hamkorlikning navbatdagi muhim bosqichidir. EIBning mintaqadagi kuchliroq ishtiroki Yevropa Ittifoqining Global Gateway ustuvor yo‘nalishlarini Markaziy Osiyo bo‘ylab barqaror o‘sish, o‘zaro bog‘liqlik hamda aholi va biznes uchun yangi imkoniyatlarni qo‘llab-quvvatlaydigan aniq loyihalarga aylantirishga yordam beradi. Shuningdek, bu Yevropa Ittifoqining O‘zbekiston va umuman mintaqa bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga qaratilgan uzoq muddatli sadoqatini ham aks ettiradi”, deydi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi Elchisi Toyvo Klaar.

Ma’lumot uchun, Yevropa investitsiya banki (YeIB) guruhi Yevropa Ittifoqining moliyalashtirish instituti bo‘lib, unga Yevropa Ittifoqining 27 a’zo davlati egalik qiladi va u dunyodagi eng yirik ko‘p tomonlama taraqqiyot banklaridan biri hisoblanadi. 2025 yilda YeIB guruhi Yevropa Ittifoqi siyosiy maqsadlarini qo‘llab-quvvatlovchi sakkizta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha 870 dan ortiq yuqori ta’sirga ega loyihalar uchun 100 milliard yevro miqdorida yangi moliyalashtirish va maslahat xizmatlari bo‘yicha bitimlar imzolagan. Ushbu ustuvor yo‘nalishlar qatoriga iqlim va atrof-muhit, raqamlashtirish va texnologik innovatsiyalar, xavfsizlik va mudofaa, hududiy birdamlik, qishloq xo‘jaligi va bioiqtisodiyot, ijtimoiy infratuzilma, kuchli global hamkorliklar hamda jamg‘arma va investitsiyalar ittifoqi kiradi.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning aprel oyida Samarqand shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida Toshkent shahrida Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini ochish bo‘yicha bitim imzolangan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing