Toshkentda narkotik tarqatgan “omborchi” va narkokurer ushlandi (video)
Jamiyat
−
19:46 238 3 daqiqa
Toshkent viloyati va Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida 2 kilogrammga yaqin “mefedron”, “Alfa-PVP” va “gashish” giyohvandlik vositalari aniqlanib, ularning noqonuniy tarqatilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, “Qoradori-2026” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida IIV Tezkor-qidiruv departamenti hamda hududiy bo‘linmalar xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Unda 1965 va 1961 yillarda tug‘ilgan, avval Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 276-moddalari (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) bilan sudlangan aka-ukalar narkojinoiy faoliyat bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan. Ulardan biri omborchi, ikkinchisi esa narkokurer bo‘lib ishlagani ma’lum bo‘lgan.
Aka-ukalar narko-do‘kon kuratorining topshirig‘iga ko‘ra, o‘zlari boshqaradigan Orlando avtomashinasida Bektemir tumanidagi dala maydonida yashirilgan 550 gramm “mefedron”ni olib ketayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shundan so‘ng, tezkor tadbirlar Toshkent shahrining Yunusobod tumanida davom ettirilgan. U yerda 1992 yilda tug‘ilgan, avval Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) 2-qismi bilan sudlangan shaxsning avtomobili to‘xtatilib tekshirilganda, undan 202 gramm “mefedron” aniqlangan.
Uning yashash xonadondan esa giyohvandlik vositalarini qadoqlash uchun mo‘ljallangan izolenta, tarozi va zip-paketlar ashyoviy dalil sifatida olingan. Keyingi tezkor tadbirda narko-do‘kon kuratori tomonidan tashlab ketilgan lokatsiyadan 50 gramm “mefedron”ni olayotgan, avval Jinoyat kodeksining 276-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar) bilan sudlangan “zakladchik” ham qo‘lga olingan.
Sergeli tumanida o‘tkazilgan tadbirda esa 2008 yilda tug‘ilgan qiz yashayotgan xonadonda 280 gramm “Alfa-PVP”, 300 gramm “mefedron” va 81 “gramm” gashish saqlanayotgani aniqlangan.
Holatlar yuzasidan narkojinoiy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi (giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) 5-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
IIV ma’lumotiga ko‘ra, o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida jami 2 kilogrammga yaqin giyohvandlik vositasining aholi orasida tarqalishining oldi olingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tailanddan O‘zbekistonga 7,5 kg kilogrammdan ortiq narkotik moddalarni olib kirish va tarqatishga urinish aniqlangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi