Toshkentda metroning yangi ikki yo‘nalishi tezlashtirilgan usulda quriladi
Jamiyat
−
22 iyun 5174 3 daqiqa
Toshkent shahrida ikkita yangi metro yo‘nalishi tezlashtirilgan usulda qurilishi rejalashtirilmoqda. Buni nazarda tutuvchi hukumat qarori loyihasi Transport vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, yangi yo‘nalishlar “Pushkin – TTZ” hamda “Texnopark – Yangi Toshkent” bo‘yicha tashkil etiladi. TTZ tomonga yo‘naltirilgan tarmoqning uzunligi 11 kilometrni tashkil etishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda 10 ta bekat va bitta depo qurilishi ko‘zda tutilgan. Yangi Toshkentgacha bo‘lgan yo‘nalish esa 21 kilometr uzunlikka ega bo‘lib, 9 ta stansiyani qamrab oladi. Har ikki loyihani amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi” davlat muassasasi buyurtmachi etib belgilangan.
Qayd etilishicha, qurilish ishlari fast-track (tezlashtirilgan strategiya – bosqichlarni parallel ravishda yakunlashni o‘z ichiga olgan strategiya) usulida amalga oshiriladi. Bu loyihalashtirish, qurilish materiallarini xarid qilish va montaj ishlarini bir vaqtning o‘zida olib borish imkonini beradi.
Qurilish ishlari Yevropa Ittifoqida qabul qilingan shaharsozlik standartlariga mos holda amalga oshirilishi belgilangan. Loyihaning Yangi Toshkentgacha bo‘lgan birinchi bosqichi 2026 yil oxiriga qadar ishga tushirilishi, to‘liq transport tizimi esa 2028 yil kuzida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.
Loyiha davomida transport harakati uchun muqobil yo‘nalishlar tashkil etilib, jamoat transporti qatnovi uzluksiz ta’minlab boriladi.
Shuningdek, TTZ avtostansiyasini boshqa hududga ko‘chirish ham rejalashtirilmoqda. Uning ma’muriy binosi esa loyihani muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar balansiga o‘tkazilishi ko‘zda tutilmoqda. Ayrim avtobus yo‘nalishlari Qadrdon va Gulsanam ko‘chalari kesishmasiga yo‘naltiriladi, boshqalari esa Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasidagi sobiq avtovokzal hududiga o‘tkaziladi. TTZ yo‘nalishida qatnaydigan shahar atrofi avtobuslari Qibray avtostansiyasiga ko‘chirilishi ehtimoli bor.
Toshkent shahri va viloyati hokimliklariga bir oy muddat ichida metro qurilishi rejalashtirilgan hududlardagi yer uchastkalari, binolar va daraxtlarni xatlovdan o‘tkazish topshirilgan. Shu bilan birga, noqonuniy egallangan yerlarni qonunchilikda belgilangan tartibda bo‘shatish choralari ko‘riladi.
Hujjatda mulki olib qo‘yilishi mumkin bo‘lgan fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlariga kompensatsiya to‘lash mexanizmini uch oy ichida ishlab chiqish vazifasi belgilangan. Loyihani amalga oshirish uchun ayrim qishloq xo‘jaligi yerlarini boshqa toifaga o‘tkazish ham rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, qurilish hududidagi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari ham xatlovdan o‘tkaziladi. Ularni ko‘chirish bilan bog‘liq xarajatlar asosan balans saqlovchilar hisobidan qoplanadi, ayrim qismi esa 2027 yilgi respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishida yangi metro liniyasi qurilishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, endi Toshkent metropoliteni foydalanuvchilari bosib o‘tgan har bir bekati yoki masofasi uchun yo‘l haqini to‘lashi va metropoliten uchun mutlaqo yangi ta’riflar joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Live
Barchasi