Toshkentda “geroin”, “gashish”, “mefedron” va “opiy” savdogarlari ushlandi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida qariyb 3,2 kilogramm “geroin”, “gashish”, “mefedron” va “opiy” musodara qilinib, bir necha shaxs ushlandi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va poytaxt Ichki ishlar bosh boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida Bektemir tumanida harakatlanayotgan Gentra rusumli avtomobil to‘xtatilib, tekshirilgan. Avtomobilda Yashnobod tumanida yashovchi, 1998 yilda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro bo‘lgani aniqlangan.

Tekshiruv chog‘ida avtomobil salonidan bir nechta paketlarga qadoqlangan och sariq rangli kukunsimon moddalar topilgan. Shundan so‘ng gumonlanuvchilar avvaldan yashirib qo‘ygan xufiya joy hamda ijaraga olgan xonadon ko‘zdan kechirilgan. U yerdan ham kukunsimon moddalar, elektron tarozilar va giyohvandlik vositalarini qadoqlashda foydalanilgan jihozlar aniqlangan.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan moddalar 1,2 kilogramm “geroin” va 100 gramm “mefedron” ekani tasdiqlangan. Mazkur fuqarolarning har ikkisi ham avval narkotik moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan.

Yana bir holatda esa Shayxontohur tumanida yashovchi, 1982 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda 47 gramm “gashish” va 34 gramm “opiy” aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Ushbu shaxsni giyohvandlik vositalari bilan ta’minlab kelgani aytilgan Olmazor tumanida yashovchi 1980 va 1985 yillarda tug‘ilgan ikki nafar fuqaro ham ushlangan. Ularning avtomobillari va yashash manzillari tekshirilganda jami 1,8 kilogramm gashish hamda 12 gramm opiy musodara qilingan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentda 60 million so‘m evaziga 133 quti kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini sotayotgan shaxs ushlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing