Toshkentda elektr uzilishlari ortidan maxsus komissiya tuzildi

Jamiyat

image

Toshkentda elektr uzilishining sabablarini tekshirish uchun maxsus komissiya tuzildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, joriy yilning 4 iyul kuni Energetika vazirligida yoqilg‘i-energetika sohasida korrupsiyaga qarshi kurashish, energiya ta’minoti barqarorligi, debitor va kreditor qarzdorliklarni qisqartirish hamda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Bosh prokuratura, qator vazirlik va idoralar, yoqilg‘i-energetika tizimi tashkilotlari hamda mahalliy hokimliklar rahbariyati ishtirok etgan.

Bildirilishicha, yig‘ilishda yuqori havo harorati sharoitida elektr va gaz ta’minoti barqarorligini ta’minlash masalalari ko‘rib chiqilgan. Qayd etilishicha, joriy yozda elektr energiyasiga talab o‘tgan yilga nisbatan yuqori bo‘lishi kutilmoqda. Shu munosabat bilan elektr tarmoqlari va podstansiyalar ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda brigadalarning doimiy shay holatda bo‘lishi yuzasidan aniq topshiriqlar berilgan.

Xususan, Toshkent shahrida kuzatilgan avariyaviy uzilishlar yuzasidan maxsus komissiya ish boshlagani qayd etilgan. Komissiya avariya sabablari, uskunalarning texnik holati, rekonstruksiya ishlari sifati hamda avariyaga qarshi himoya tizimlari samaradorligini o‘rganadi.

“Aholi murojaatlarini tezkor ko‘rib chiqish, koll-markazlar faoliyatini kuchaytirish hamda avariyaviy holatlar bo‘yicha aholini o‘z vaqtida xabardor qilish zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, energiya samaradorligi masalasi ham muhokama qilingan. Elektr energiyasi va tabiiy gazni tejash rejalari tahlil qilinib, ayrim yirik korxonalarda energiya resurslaridan samarasiz foydalanish holatlari keskin tanqid qilingan. Mas’ullarga energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish, eski uskunalarni yangilash va tejash ko‘rsatkichlarini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Shuningdek, debitor va kreditor qarzdorliklar tanqidiy muhokama qilingan. Qarzdorliklarni qisqartirish bo‘yicha qarorlar ijrosini ta’minlamayotgan rahbarlar qat’iy ogohlantirilib, aniq choralar ko‘rish vazifasi belgilangan.

“Yig‘ilishda korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari keskin tanqid qilinib, korrupsiyaga nisbatan murosasiz yondashuv talab etildi”, deyiladi xabarda.

Bildirilishicha, korrupsiya uchun sudlangan barcha xodimlar ishdan bo‘shatiladi. Shuningdek, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlaridagi tizim korxonalari rahbarlarini to‘liq attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

Bundan tashqari, sohada korrupsiyaviy xavf-xatarlarni tahlil qiluvchi maxsus Kengash tashkil etilishi ma’lum qilingan.

Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr va gaz infratuzilmasini ta’mirlash, avariyaviy zaxiralarni shakllantirish hamda aholini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriqlar berilgan.

Vazirlikka ko‘ra, yig‘ilish yakunida barcha tizim rahbarlari qat’iy ogohlantirilgan. Keyingi yig‘ilishlarda, avvalo, berilgan topshiriqlar ijrosi, shaxsiy mas’uliyat hamda rahbarlarning javobgarligi ko‘rib chiqilishi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28 iyun kuni Toshkent shahrida joylashgan “Yuksak” podstansiyasidan keluvchi L-O‘-Yu 110 kV 1 va 2 elektr uzatish tarmoqlarining himoya tizimi ishlashi oqibatida favqulodda o‘chib qolgandi. Oqibatda poytaxtning Mirobod, Yakkasaroy, Chilonzor va Uchtepa tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Bundan tashqari, elektr energiyasi o‘chib qolishi tufayli Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasida joylashgan “Dream Park” nomidagi istirohat bog‘idagi attraksionlarda fuqarolar qolib ketdi.

Shuningdek, shu yil iyun oyi boshida ham Toshkent shahrining 5 tumanidagi ayrim hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar sodir bo‘lgandi. Bunga Toshkent issiqlik elektr stansiyasidagi transformatorda nosozlik kuzatilgani sabab bo‘lgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing