Toshkent metrosining 13 ta bekatida kassalar yopiladi
Jamiyat
−
04 iyul 9254 2 daqiqa
Toshkent metrosida naqd pul ko‘rinishidagi to‘lovlar keskin kamaygan. Shu sabali poytaxtning 13 metro bekatidagi kassalar yopiladi. Bu haqda Metropoliten ma’muriyati xabar berdi.
Qayd etilishicha, avvallari metro yo‘lovchilarining 45-50 foizi QR-kodli bir martalik chiptalardan foydalanar edi. Hozir esa bu ko‘rsatkich 6-7 foizni tashkil qilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, kassalarda chiptalar xaridi bo‘yicha uzoq muddatli kuzatuv tahlillari olib borilgan. Kuzatuv xulosasiga ko‘ra, “Mirzo Ulug‘bek”, “Xalqlar do‘stligi”, “Paxtakor”, “Hamid Olimjon”, “Pushkin”, “Do‘stlik”, “Toshkent”, “Oybek”, “Tinchlik”, “Shahriston”, “Bodomzor”, “Minor” va “Abdulla Qodiriy” bekatlarida 1 tadan vestibyul kassasini yopishga qaror qilingan.
Bildirilishicha, yopilgan kassalar o‘rnida avtomatlashtirilgan chipta bankomatlari sinov tariqasida o‘rnatilmoqda. Shuningdek, yo‘lovchilar ushbu vestibyullarda ham bank kartalari, mobil ilovalar, kaft orqali va boshqa elektron to‘lov usullari orqali to‘lovni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 1 yanvardan Toshkent shahrining jamoat transporti yo‘nalishlarida (avtobus va metropoliten) naqd puldagi yo‘lkira haqi oshgandi. Unga ko‘ra, bir yo‘lovchi qatnovi uchun cheklangan tarif – 3 000 (uch ming) so‘m. Bunda, bir yo‘lovchi qatnovi uchun 1 (bir) martalik to‘lovni elektron to‘lov tizimi orqali amalga oshirilganda rag‘batlantiruvchi chegirma qo‘llanilgan holda – 1 700 (bir ming yetti yuz) so‘m undirilishi belgilangan edi.
Dilshod Hakimov
Live
Barchasi