Toshkent metrosida oynali himoya to‘siqlari o‘rnatiladi

Jamiyat

image

Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida Toshkent metrosining “Shahriston” bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatiladi. Bu haqda bugun, 13 may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan Toshkent metropolitenida yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati va xavfsizligini ta’minlash hamda infratuzilmadan foydalanish samaradorligini oshirish yuzasidan takliflar taqdimotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, poytaxt aholisi va mehmonlari soni ortib borayotgani, shahar kengayishi va jamoat transportiga talab oshishi metropolitenni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqishni taqozo etmoqda. Shu maqsadda 2030 yilgacha metropolitenda kunlik yo‘lovchilar sonini 1,8 million nafarga yetkazish, metro bekatlari sonini 79 taga, liniyalar uzunligini 103 kilometrgacha oshirish maqsad qilingan. Shuningdek, poyezdlar harakati intervalini bosqichma-bosqich 1,5-3 daqiqagacha qisqartirish ko‘zda tutilgan.

Metropoliten infratuzilmasini yaxshilash va moliyaviy sog‘lomlashtirish bo‘yicha ham qator choralar belgilanmoqda. Jumladan, 2026-2028 yillarda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va fuqaro muhofazasi ob’ektlari texnik bazasini takomillashtirish choralari ko‘riladi.

Yo‘lovchilar xavfsizligini kuchaytirish maqsadida “Shahriston” metro bekati platformalarida sinov tariqasida oynali himoya to‘siqlarini o‘rnatish taklif etilgan. Xalqaro tajribaga ko‘ra, bunday to‘siqlar platformalardagi baxtsiz hodisalarni 80-90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi. Shu bilan birga, ular qo‘shimcha reklama maydonlarini yaratish orqali daromadlarni oshirishga ham xizmat qiladi.

Yana bir muhim yo‘nalish – yangi liniyalar qurilishi. Xususan, “Mingo‘rik – Chilonzor buyum bozori” metropoliten liniyasi bo‘yicha loyiha baholash hujjatlarini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda “Mingo‘rik – Janubiy vokzal” yo‘nalishi, ikkinchi bosqichda esa “Janubiy vokzal – Chilonzor buyum bozori” yo‘nalishini qurish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Metropolitenda qo‘shimcha daromad manbalarini shakllantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Vagon va platformalarda raqamli reklama maydonlarini auksion orqali xususiy sektorga ijaraga berish, metro bekatlarida vending apparatlari, kichik savdo ob’ektlarini joylashtirish, stansiyalar oldida avtoturargohlar tashkil etish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, bo‘sh turgan bino va xonalarni kovorking va kichik ofis sifatida tadbirkorlarga auksion asosida ijaraga berish taklif etilgan.

Avtotransportdan metro tizimiga qulay o‘tishni ta’minlash maqsadida “Park&Ride” tizimini yo‘lga qo‘yish taklif qilingan.

Taqdimotda harakat tarkiblarini yangilash va elektrodepo qurish masalalari ham muhokama qilingan. 2027-2030 yillarda metropoliten uchun talab etiladigan harakat tarkiblarini xarid qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Shu munosabat bilan yangi harakat tarkiblari uchun elektrodepo qurishga zarur yer maydoni ajratiladi.

Shuningdek, 2027-2035 yillarda Toshkent metropolitenini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish belgilanmoqda. Unda metropoliten tarmoqlarini ikki barobarga kengaytirish, yo‘lovchi tashish hajmini 2,5 barobarga oshirish, ekologik barqaror, energiya tejamkor va xavfsiz transport tizimini yaratish, servis sifati va yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish vazifalari qamrab olinadi.

Yo‘l kira haqini to‘lash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ham takliflar bildirilgan. Xorijiy tajriba asosida masofaga qarab to‘lash, aholi toifalari uchun imtiyozlar, kunlik, haftalik va oylik abonementlar tizimini joriy etish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Prezident jamoat transporti, ayniqsa, metropoliten yirik shahar hayotida eng muhim infratuzilmalardan biri ekanini ta’kidlagan. Shu bois, xizmat sifati, xavfsizlik, moliyaviy barqarorlik va zamonaviy boshqaruvni bir-biri bilan uzviy bog‘liq holda rivojlantirish zarurligi qayd etilgan. Taqdim etilgan takliflar ma’qullanib, ularni amalga oshirish yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev metro Shahriston himoya to'siqlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing