Toshkent menga 5 yashar qizimni eslatyapti
Jamiyat
−
26 fevral 2019 12017 2 daqiqa
Toshkent o‘zgaryapti. Chiroy ochyapti, yangi binolar qurilyapti. Albatta, ko‘plar uyi o‘rniga osmono‘par binolar qurilayotgani, o‘zi esa shahar chetiga ko‘chirilayotganidan rozi emas. Shunday bo‘lsa-da, o‘zgarishlar avjida.
Toshkentning asosiy o‘zgarishlaridan biri poytaxt markazi va hatto ayrim markazga olib keluvchi yo‘llarga dekoratsion chiroqlar, turli shakllardagi bezaklar o‘rnatilgani bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shaharning gavjum nuqtalarini bezab turgan chiroqlar va dekoratsiyalar kishi e’tiborini o‘ziga tortmay qolmayapti. Biroq, Toshkent borgan sari o‘ziga xosligini yo‘qotib, plastik shaharga aylanib qolyapti, deyotganlar ham yo‘q emas. Ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchilaridan birining yozganlari esa e’tiborimizni tortdi. Unda shunday deyilgan:
“Toshkent boshqacha edi. Uni boshqacha sevardik. Boricha, oddiy, samimiy. Poytaxt shahar shunday bo‘lishi kerak, menimcha. Hozir u menga 5 yashar qizimni eslatyapti. U ham har kuni onasining atir-upasini goh labiga, goh qoshiga surtadi. Lab bo‘yog‘i bilan yuziga rasm chizgandek holga keladi. Kamiga nima topsa, shuni taqib oladi. Toshkentga ham yarashsa-yarashmasa topganimizni olib kelib ilayotgandekmiz...”
O‘zgarishlar hamma vaqt ham yaxshi qabul qilinmayotganini mas’ullar ham farqiga borishni boshladilar chog‘i. Kecha Toshkentning qoq markazi sanalgan Sayilgoh va Zarafshon ko‘chalari kesishmasida o‘rnatilgan installyatsiyani buzish ishlari boshlandi. Bu haqda “Xalq so‘zi” xabar berdi.
Amir Temur xiyobonining old qismi bo‘lgan, xalq tilida “Brodvey“ nomi bilan mashhur ko‘chada o‘tgan yili qizil rangdagi ushbu haykal o‘rnatilgandi. Ba’zi o‘rinlarda bu haykalning afsonaviy qush timsoli ekani aytilgan bo‘lsa, ba’zi manbalarda uning ajdar timsoli ekanini yozishgandi.

Mazkur ob’ekt o‘rnatilgach, jamoatchilikning noroziligiga sabab bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Toshkentni bunday “arzon va tushunarsiz bezaklardan qutqarish” lozimligini ham ta’kidlashgan.
Toshkentliklar, hatto, Toshkentga onda-sonda kelib turadiganlar ham undagi o‘zgarishlarni shunchaki qabul qilib ketaverishi qiyin. Aslida dunyoning barcha nuqtasida shunday. Poytaxt – mamlakatning yuragi. Yurakka esa plastik sayqal kerakmasdek.

Darvoqe, bu Toshkentda noroziliklardan so‘ng olib tashlanayotgan ikkinchi installyatsiya. Bundan bir necha oy avval “Grand Mir” mehmonxonasi qarshisiga o‘rnatilgan installyatsiya ham olib tashlangan edi. Bu bezak AQSHdan ko‘chirilgan bo‘lib, okean ortida 2001 yil 11 sentyabrda sodir etilgan terakt voqealari munosabati bilan o‘rnatilgan.
Live
Barchasi