“Tolibon” jurnalistlar qurshovida amerikalik mahbusni ozod qildi
Olam
−
25 mart 4926 2 daqiqa
Joriy yilning 23 mart kuni Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati 64 yoshli amerikalik tadqiqotchi Dennis Uolter Koylni ozod qildi. U 2025 yil yanvaridan buyon hibsda edi. Bu haqda “The New York Times” xabar berdi.
“Tolibon” tashqi ishlar vazirligi bayonotida Koylni “tarbiyalash” jarayoni nihoyasiga yetgani va Afg‘oniston sobiq mahkumni Ramazon hayiti munosabati bilan afv etgani aytilgan.
Qo‘shma Shtatlar o‘z fuqarosining ozod etilishiga javoban Afg‘onistonning harakatini olqishlagan, ammo hali-hanuz ko‘plab “begunoh” amerikalik fuqarolar mamlakatda nohaq hibsda saqlanayotganini, ular ham ozod qilinishi kerakligini ta’kidlagan.
Koylning shaxsiy internet sahifasi ma’lumotlariga ko‘ra, tadqiqotchi 2000-yillar boshidan Afg‘onistonda mahalliy tillarni o‘rganib, aholining ona tillarini o‘zlashtirishi uchun o‘sha hududdagi maktab o‘quvchilariga dars bergan. Shuningdek, u pushtu tilidagi bir nechta badiiy adabiyotlarni ingliz tiliga tarjima qilgan.
“Tolibon” rasmiylari uni “amirlikning ichki qoidalarini buzgan” deb izohlagan, ammo qanday qoidalar buzilgani ochiqlanmagan. Qarindoshlarning aytishicha, tor va zax xonada huddi hayvondek saqlash oqibatida keksa olim teri shamollashini orttirib olgan.
“O‘zimni juda yaxshi his qilayapman. Afg‘oniston 20 yildan buyon mening yuragimda va u yerda abadiy yashaydi”, deydi Koyl.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida bayonot bergan.
“Va nihoyat, bir yillik tutqunlikdan so‘ng, Koyl Dennis o‘z uyiga yo‘l oldi”, deydi u.
Rubioning bayonotiga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Tramp chet elda nohaq hibsda saqlanayotgan mahbuslar bilan xayrixoh va ularning ozod qilinishi uchun har qanday ishga tayyor.
Davlat departamentiga ko‘ra, Koylning ozod qilinishida Birlashgan Arab Amirliklarining yordami katta bo‘lgan.
“BAAning “Tolibon” bilan muzokaralari natijasida Koyl ozodlikka chiqmoqda”, deyiladi xabarda.
Live
BarchasiBuxoroda yana zilzila bo‘ldi
21 may