“Tolibon” yana O‘zbekistondan vertolyotlarni qaytarishni so‘radi

Olam

image

Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri Amirxon Muttaqiy avvalgi hukumat ag‘darilganidan so‘ng Afg‘onistondan O‘zbekiston va Tojikistonga olib o‘tilgan vertolyotlarni qaytarishga chaqirdi. Bu haqda u “Tolibon” tashqi ishlar vazirligi tomonidan diplomatlar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda so‘z ochdi.

Muttaqiy, shuningdek, mamlakatga nisbatan sanksiyalarini bekor qilish va Afg‘oniston sharqidagi zilzila jabrdiydalariga yordam ko‘rsatish zarurligini qayd etgan.

“Biz to‘rt yil oldin siyosiy o‘zgarishlardan keyin bizning ayrim vertolyotlarimizni olib, qo‘shni davlatlarga topshirgan mamlakatlardan ularni afg‘on xalqiga qaytarishni so‘raymiz, ular insonparvarlik operatsiyalarida ishlatiladi”, deydi u.

Nutqining boshqa qismida Muttaqiy Afg‘onistonga nisbatan joriy etilgan sanksiyalar masalasiga to‘xtalgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu sanksiyalar oqibatida joriy etilgan bank cheklovlari chet eldagi ayrim afg‘onistonliklarga mamlakatga moddiy yordam yuborishni qiyinlashtirgan. Shu tariqa Muttaqiy xalqaro hamjamiyatni yana bir bor mamlakatga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga chaqirgan.

 “Afsuski, Afg‘onistonga qarshi joriy etilgan adolatsiz va noqonuniy cheklovlar tufayli yurtdoshlarimiz zilziladan jabrlanganlarga yordam yubora olmayapti”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2021 yilning avgustida Afg‘onistonda amaldagi hokimiyat qulaganida mamlakatdan olib chiqib ketilgan harbiy vertolyotlarni mamlakatni hozirda idora qilayotgan “Tolibon” muvaqqat hukumatiga qaytarishga rozi bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgandi. Biroq O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ahror Burhonov bunday xabarlarni rad etdi. Uning aytishicha, bu xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.  

AQSH Mudofaa vazirligi 2021 yilda “Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyatni egallaganidan so‘ng 46 ta samolyot va vertolyotning O‘zbekistonga, yana 18 tasining Tojikistonga olib borilganini tasdiqlagan. Bu parvoz vositalari tarkibiga Mi-17 va UH-60 vertolyotlari, shuningdek, PC-12, C-208, AC-208 va A-29 rusumli qanotli samolyotlar kirgan.

“Tolibon” bir necha bor ikkala davlatdan ham ularni topshirishni talab qilgan, biroq Toshkent va Dushanbedagi rasmiylar bu talablar yuzasidan ochiq izoh bermagan.

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi oldinroq bergan bayonotida yangi kelishuvga ko‘ra, O‘zbekistonga qo‘ngan 46 ta uchoq ushbu mamlakat nazoratida qolishini aytgan. AQSHning Afg‘oniston bo‘yicha elchixonasi esa Tojikistonga sobiq afg‘on harbiy samolyotlarini “Tolibon”ga topshirmagani uchun minnatdorlik bildirgan.

Afg‘oniston sobiq xavfsizlik qo‘mondonining aytishicha, “Tolibon” hokimiyatni qo‘lga kiritishidan avval AQSH mamlakat havo kuchlarini jami 229 ta vertolyot – jangovar va transport vositalari bilan ta’minlagan.


Maqola muallifi

Teglar

Afg'oniston Tolibon vertolyot Amirxon Muttaqiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing