“Tolibon” BMTni G‘arbning nog‘orasiga o‘ynashda aybladi
Olam
−
31 iyul 3390 2 daqiqa
Afg‘onistondagi “Tolibon” muvaqqat hukumati vakili Zabihulloh Mujohid Birlashgan Millatlar Tashkilotini Afg‘onistonga BMTdagi o‘rnini bermayotgani uchun keskin tanqid qildi. Bu haqda “Ariana News” xabar berdi.
Mujohid BMTning endilikda betaraf yoki mustaqil tashkilot emasligini aytib, uni G‘arbning siyosiy kuchlari ta’sirida harakat qilayotganlikda ayblagan.
“Birlashgan Millatlar Tashkiloti betaraf bir tuzilma bo‘lishi kerak edi. Ammo u endi G‘arb siyosiy kun tartibining ta’sirida ishlamoqda. U o‘zining samaradorligi va mustaqilligini yo‘qotdi”, deydi u.
Mujohid Afg‘onistonning BMTdagi hozirgi vakilining qonuniyligiga shubha bilan qarashini, u hanuzgacha ilgari G‘arb tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ma’muriyat vakili hisoblanishini qayd etgan.
“Bu shaxs kimni ifodalaydi? U qaysi prinsiplarga va protokollarga asoslanib faoliyat yuritmoqda? Uning ichki qonuniyligi yo‘q va u Afg‘oniston xalqini ifodalamaydi”, deydi u.
Ma’lumot uchun, “Tolibon” 2021 yil avgust oyida hokimiyatga kelganidan beri xalqaro tan olinishni muntazam ravishda talab qilib, mamlakatning BMTdagi o‘rnini o‘z nomzodiga topshirishni so‘rab kelmoqda.
Ko‘plab takroriy so‘rovlarga qaramay, BMT Bosh Assambleyasining Mandatlar qo‘mitasi har yili bu boradagi qarorni keyinga qoldirib kelmoqda va bu lavozim Nosir Ahmad Faiqning qo‘lida qolmoqda. U avvalgi respublika davrida xizmat qilgan diplomat bo‘lib, hozircha vaqtinchalik Afg‘oniston vakili sifatida faoliyat yuritmoqda.
“Tolibon”ning BMTda rasmiy tan olinishga intilishi G‘arb davlatlari va inson huquqlari tashkilotlarining qarshiligiga uchramoqda. Ular bunga ayollar va qizlarning huquqlari buzilishi hamda mamlakatda inklyuziv siyosiy jarayonning yo‘qligini sabab qilib ko‘rsatmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy oy boshida Rossiya “Tolibon”ni Afg‘onistonning qonuniy hukumati sifatida rasman tan olgandi.
Live
Barchasi