Eron yadroviy kelishuvga qaytmoqchi emas
Tahlil
−
22 Oktabr 5288 8 daqiqa
Siyosatchi, dunyo ahamiyatidagi shaxs, bir qudratli davlatning rahbari deganda ko‘z oldimizda salobatli, mayda-chuyda gaplardan holi va faqat katta ko‘lamdagi ishlar bilan shug‘ullanadigan shaxs gavdalanadi. Albatta, yaqin-yaqingacha ko‘pchilik uchun bunday darajadagi insonlar oynayi jahonda muhim bayonotlar qiladigan, davlatning ichki va tashqi siyosatini yuritadigan, jahon minbarlarida zalvorli nutqlar qilib, tarixda qolgan chinakam lider sifatida gavdalangan. Odamlar Ernesto Che Gevaraning BMT minbaridan turib: “Vatan, yo o‘lim”, deb o‘z nutqiga yakun yasagani, Muammar Qaddafiyning orqadagi moderatorga qarab va qandaydir varaqlar uloqtirgani, Axmadinajodning Jenevadagi chiqishi, Saddam Husaynning o‘lim hukmini qanday qarshi olgani, Jorja Melonining shovqin-suronga boy nutqlari, Barak Obamaning Usoma bin Lodinning yo‘q qilinganini e’lon qilgani va shu kabi epizodlarda ko‘rinadigan shaxsiyatgagina siyosatchi deb baho berishga o‘rgangan.
Ammo o‘zgarishlar hayotning asosiy elementi. Shunday ekan, ayrim davlat rahbarining imiji ham yillar davomida o‘zgarib bordi. Bunga ehtimol axborot asri ta’sir qilgandir. Masalan, bugun biror ijtimoiy tarmoqda ikki yirik davlat yetakchisining tez-tez aytishib qolishi odatiy tusga kirdi. Ayniqsa, Eron va AQSH misolida buning guvohi bo‘lishimiz mumkin. Biri o‘ziga tegishli tarmoqda, boshqasi esa X’da bir yil davomida bir necha bor qisqa bayonotlar berib, qora piar orqali e’tiborni jalb qiladigan pastkash blogerlardan o‘tib tushmoqda. Bu juda xunuk holat. Chunki ularning vazni va darajasi bunday aytishishlarga mos emas. Donald Trampni-ku tushunsa bo‘ladi. U shunday yaralgan. AQSHning amaldagi rahbari 22 yoshli Gretadan tortib, uni tanqid qiladigan jurnalistlar va rasmini sal xunuk chop etgan nashrlarga ham alohida e’tibor qaratib, hozircha dunyoning eng qudratli davlatini boshqarayotganini biroz unutib qo‘yadi. Ammo yuzini qarilik to‘liq qoplagan nuroniy Eronni dastlab Prezident, keyinchalik Oliy rahnamo sifatida boshqarishni boshlaganidan buyon 8 nafar AQSH Prezidentni ko‘rgan Ali Xomanaiyning Tramp kabi maydalashishi yanada g‘alati ko‘rinadi.
To‘g‘ri, barcha sohalar zamonga moslashishi, yaratilgan imkoniyatlardan to‘liq foydalanish faqat va faqat foydali. Lekin tarmoqlarda hadeb bitta mavzu, ya’ni Eronning yadroviy salohiyati yo‘q qilindimi, yoki aksincha ekani haqida o‘ralashish qanchalik to‘g‘ri, bu kuzatuvchilarning o‘ziga havola. O‘tgan kunlar davomida qariya yetakchilar yana shu masala atrofida bahs-munozaraga kirishib ketdi. Tramp o‘z chiqishlari va sahifalarida aytgan gaplariga javoban Oyatulloh X’dagi sahifasida yig‘ib-yig‘ib javob qaytardi. Shu tariqa dunyo xavfsizlik tizimida juda muhim o‘rin tutgan yadro siyosati ikki qariya tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda hal qilinmoqda. Bugun shu haqda qisqacha to‘xtalamiz.
“Eronning yadroviy salohiyati yo‘q qilingan”
Eron va Isroil o‘rtasida kechgan 12 kunlik urush yakunida AQSHning aralashuvi mintaqada yana to‘s-topolon boshlanishi uchun asos bo‘lishi mumkin edi. Eronning Natanz va yana ikki hududda joylashgan yadroviy inshootlariga berilgan chuqur zarbalar oqibatida Tehron yadroviy salohiyatining kelajagi so‘roq ostida qoldi. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari forslar AQSH zarbasi ehtimoli haqida gap-so‘zlar urchib, ancha jiddiylashgan paytdayoq bu yerlardan deyarli yarim tonna yuqori darajada boyitilgan uranni olib chiqib ketganini ko‘rsatdi. Xalqaro kuzatuvchilar va ekspertlar ham Eron uranni boy bermagani va hali hanuz yadro bombasi yaratish imkoniyatini o‘zida saqlab qolgani haqida gapira boshladi. Buni Tehronning o‘zi ham imi-jimida tasdiqlab keldi. Natijada Eronning yadroviy salohiyati nari borsa ma’lum muddatgagina ortga surilgani ma’lum bo‘ldi.
Biroq hech qachon mag‘lubiyat yoki muvaffaqiyatsizlikni tan olmaydigan Tramp bu haqiqatni qabul qilishni xohlamadi. O‘sha paytda mudofaa, hozir esa Urush vaziri deb aytiladigan Pit Xegset va Tramp ma’muriyatidagi boshqa mulozimlar ham bir xil navbatchi bayonotlarga suyandi. “AQSH Eronning yadroviy qo‘rol yaratish harakatlarini bir necha 10 yilliklarga ortga surdi” degan gap rasmiy bayonotlardan tushmadi. Donald Tramp Oq uydagi matbuot anjumanlarida, xalqaro tadbirlardagi nutqlarida, jurnalistlar bilan turli joylardagi intervyularda va tarmoqlardagi sahifalarida doimiy tarzda Eronning yadroviy imkoniyatlarini yo‘q qilgani haqida aytib keldi. U joriy yil oktyabr boshida Knessetda so‘zlagan nutqida ham shu gapni takrorladi. Shundan so‘ng, Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy ham tilga kirdi. Ikki chol yozdagi 12 kunlik urush tugaganda ham shunga o‘xshash dahanaki jangga kirishib ketgandi. O‘tgan kunlar davomida ular o‘rtasida bo‘lgan tarmoqlardagi to‘qnashuv o‘sha bahslarning mantiqiy davomi bo‘ldi.
Xomanaiy Trampga: sen kimsan o‘zi?
Tramp Isroil qilgan so‘nggi tashrifida Knessetda nutq so‘zlab, HAMAS masalasiga nuqta qo‘ygandan so‘ng Eron bilan shug‘ullanishini bildirgandi. U G‘azoda sulh kuchga kirganidan keyin navbat Tehron bilan yadroviy kelishuv imzolashga kelishi va ikki o‘rtada o‘ziga xos “Tinchlik bitimi” imzolansa, bu barcha uchun manfaatli bo‘lishini aytdi. Ammo ko‘rib turibmizki, AQSHning amaldagi Prezidenti hokimiyatga ikkinchi bor kelganidan buyon hech bir masalani to‘liq hal qilgani yo‘q. Trampning barcha ishlari, jumladan, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini to‘xtatishdan to G‘azoda tinchlik o‘rnatishgacha qilayotgan barcha harakatlari chala ko‘rinish olmoqda. Uning Ukraina masalasidagi hech bir qadami ham oldinga siljimadi. G‘azoda o‘rnatilgan “kristall tinchlik” esa parchalanishni boshladi. Isroil Misrdagi olamshumul sammitdan keyin sektorga yana minglab tonna bombalar yog‘dirdi. Eng qizig‘i, u hozir Erondan talab qilayotgan yadroviy kelishuvni ham bundan 7 yil oldin o‘zi buzgan va barcha muammolarning eng asosiy sababchisi ham uning aynan o‘zidir.
AQSHning o‘zgaruvchan va o‘taketgan ikkiyuzlamachi siyosatidan 40 yildan buyon yaxshi xabardor bo‘lgan Oyatulloh Ali Xomanaiy esa Vashington bilan muzokaralar befoyda ekanini ko‘p bor takrorlab keldi. Boz ustiga, Isroil bilan urush boshlanmasdan oldinroq Tehron bu masalaga nisbatan o‘z pozitsiyasini anchagina yumshatgandi ham. Tehron va Vashington joriy yil boshidan iyun oyiga qadar yadroviy dastur bo‘yicha 5 marta turli nuqtalarda muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralarda esa umid avvaldan past edi. Chunki ular bu uchrashuvlarning barchasini bilvosita o‘tkazdi. Ya’ni Eron va AQSH vakillari bir tom ostda bo‘lishiga qaramay, turli xonalarda vositachilar orqali gaplashdi. Bu o‘tgan yillar davomida ikki davlat o‘rtasidagi masofa anchagina uzoqlashganidan dalolat edi. Yakunda esa bu harakatlar zoye ketdi. Isroil Eronga hujum qildi. Bunga AQSHning ham qo‘shilishi esa kelgusidagi muzokaralarga batamom yakun yasadi.
Endilikda esa Xomanaiy bunday kelishuvga kirishdan rasman bosh tortdi. Bundan tashqari, Eron oliy rahbari Donald Trampning Eronning yadroviy salohiyatini yo‘q qilgani haqidagi bayonotini ham tasdiqlamadi. Xomanaiy, Trampning ustidan kulib, uning Eron yadro sanoatini yo‘q qilgani haqidagi bayonotiga javoban: “U shunday deb o‘ylashda va orzu qilishda davom etaversin”, deb ta’kidladi. Oyatulloh tarmoqlardagi bayonotlari qatorida yana keskin jumlalarni keltirib o‘tdi.
“AQSH Prezidenti Eronning yadro sanoati portlatilib, yo‘q qilingani bilan faxrlanmoqda. Xo‘sh, qo‘yavering, shunday deb o‘ylasin! Sen kimsanki, qaysi davlatga yadro sanoatiga ega bo‘lish mumkin yoki mumkin emasligini belgilaysan?”, degan Eron rahnamosi.
Erondan kelishuvdan rasman chiqdi
2015 yilda Eron va bir qator yirik o‘yinchilar o‘rtasida yadroviy dasturga cheklovlar joriy etish evaziga Tehronga qo‘yilgan sanksiyalarni bekor qilish bo‘yicha keng qamrovli Qo‘shma harakatlar rejasi qabul qilingandi. Bu o‘sha Tramp har ikki rasmiy bayonotidan biriga so‘z ochadigan yadroviy kelishuvning o‘zginasi edi. O‘sha paytdagi Eron Prezidenti Hasan Ruhoniyning say-harakatlari va uning kelishuvchan siyosati natijasida Eron, Xitoy, Rossiya, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya va Germaniya o‘rtasida o‘zaro bitim imzolanib, uning maqsadi Eronni yadroviy qo‘rol yaratishdan to‘xtatish edi. Biroq 2018 yilda Donald Trampning qarori bilan AQSH o‘z-o‘zidan bitimdan chiqib, sanksiyalarni qayta tikladi. Shundan so‘ng, mazkur kelishuv amalda o‘z kuchini yo‘qotdi. 2018 yildan Eron va dunyoning yirik davlatlari o‘rtasida imzolangan ushbu kelishuv taqdiri juda mujmal ko‘rinish oldi.
Keyingi yillarda bitimni qayta tiklashga bo‘lgan urinishlar natija bermadi. Joriy yilning yozida Eron, Isroil va AQSH o‘rtasidagi keskinlik muzokaralarning barcha imkoniyatlarini yopdi. Iyun oyida Eron parlamenti MAGATE bilan hamkorlikdan voz kechish to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Bunga javoban esa Yevropa davlatlari BMT sanksiyalarini “tezkor tiklash mexanizmi” orqali Eronga qarshilik qilish yo‘liga o‘tdi. AQSH boshchiligidagi G‘arb davlatlari bugun Eron yadroviy qo‘rolga ega bo‘lmasligini kafolatlaydigan yangi kelishuv izlash payiga tushgan. Ammo ular hozircha sanksiyalar qo‘llash tahdididan narigiga o‘ta olgani yo‘q.
40 yildan beri sanksiyalar bilan yashab kelayotgan forslarga bu chora ta’sir qilmasligini anglash uchun G‘arbga yana qancha yillar kerak bo‘ladi, buni aytish qiyin. Boz ustiga Tehron bunday muzokaralar faqat AQSH harbiy harakatlardan butunlay voz kechishiga kafolat berilgandagina boshlanishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Shu tariqa, jarayon hali muzokara boshlash uchun shartlarni kelishish masalasida qotib qolgan. Muzokara boshlangan taqdirda esa eronliklar yadroviy salohiyat tinch maqsadlarda rivojlantirayotgani, atom bombasiga ega bo‘lish esa ularning rejasida yo‘q ekanini ro‘kach qiladi. Buni ular Oliy Rahnamoning fatvosi bilan isbotlashga urinadi. Shu bois, Eron bilan yadroviy kelishuvga erishishning istiqboli borgan sari yo‘qolmoqda.
Joriy yil oktyabr oyi o‘rtalariga kelib Eron Tashqi ishlar vazirligi 2015 yilgi kelishuvning barcha bandlari, shu jumladan, yadroviy dasturga oid cheklovlar va ular bilan bog‘liq mexanizmlar bekor qilinganini rasman ma’lum qildi. Aslida 10 yillikni qamrab olgan bu kelishuv oktyabr boshida yangilanishi kerak edi. Ammo Tehron kelishuvni uzaytirishni oldindan rad etdi va 28 sentyabr kunidan unga qo‘yilgan sanksiyalar qaytadan kuchga kirdi. Bungacha esa BMT Xavfsizlik kengashi ko‘pchilik ovoz bilan Xitoy va Rossiya tomonidan taklif etilgan va Eronga qarshi yengillashtirilgan sanksiyalar rejimini 6 oyga uzaytirish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani bloklagan edi. Oradan ko‘p o‘tmay Eronga qarshi Yevropa Ittifoqi tomonidan joriy etilgan sanksiyalar ham qaytadan amal qilishni boshladi.
Live
Barchasi