Tish cho‘tkadan tortib “pampers”gacha bor. Toshkent metrosida hojatxona va ona-bola xonasi ochildi (video)
Jamiyat
−
23 fevral 2022 12296 1 daqiqa
Bugun, 23 fevral kuni Toshkent metropolitenining Chilonzor liniyasining “Chilonzor” bekatida tajriba sifatida ona-bola xonasi va hojatxona yo‘lovchilar uchun foydalanishga topshirildi. Bu haqda QALAMPIR.UZ muxbiri xabar berdi.
“UNDERGROUND SERVICE” MCHJ xodimi Tanzila Yusupovaning so‘zlariga ko‘ra, pullik (1 500 so‘m) hojatxona har kuni soat 5:00 dan 24:00 gacha ishlaydi. Yo‘lovchilarga ikkita kassir xizmat ko‘rsatadi.
U shuningdek, kelgusida odamlar gavjum bo‘lgan “Paxtakor”, “Buyuk Ipak yo‘l” bekatlarida ham ona-bola xonalari va hojatxonalar ochilishini aytib o‘tdi.
Qizig‘i, hojatxonada odatiy gigiyenik vositalardan tashqari, tish pastasi, tish cho‘tkasi hatto bolalar tagliklari ham bor.
“Tagliklar va ayollarning shaxsiy gigena vositalari ham bor. Bu hojatxonaga kirgan ayol ko‘chaga yugurmasligi uchun qo‘yilgan. Shu yerdan sotib olsa bo‘ladi”, deydi Yusupova.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, nogironligi mavjud fuqarolar, Chernobil falokati ishtirokchilari, Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari va Yoshlar ittifoqi yetakchilari hamda 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar metropoliten hojatxonasidan bepul foydalanishi mumkin.




Live
Barchasi