“Tinchlik Prezidenti”. Tramp davrida AQSH qayerlarda harbiy operatsiya o‘tkazdi?

Olam

image

2026 yil 3 yanvar kuni AQSH Venesuela hududiga keng ko‘lamli zarbalar berdi. Venesuela Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bir qator harbiy va fuqarolik ob’ektlari hujumga uchragan, mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi. “Tinchliksevar” AQSH Prezidenti Donald Tramp 2025 yil yanvarda lavozimga kirishganidan so‘ng Eron, Yaman, Suriya, Somali, Nigeriya va Karib dengizi mintaqalarida harbiy zarbalarni ma’qulladi.

Somali: 2025 yil 1 fevralda AQSH avianosetsi “Garri Trumen” va uning 16 ta F/A-18 Super Hornet uchuvchi guruhi Somali shimolidagi Bari viloyatidagi “Islom davlati” jangchilariga kuchli zarba berdi. Bu avianosetsdan berilgan eng yirik zarba hisoblanadi, tashlangan harbiy yuk umumiy vazni 56,7 tonna.

Eron: 2025 yil 22 iyun kuni AQSH harbiy-havo va harbiy-dengiz kuchlari Eronning uchta yadroviy ob’ektlariga zarba berdi. “Midnight Hammer” (Tungi bolg‘a) operatsiyasi Fordo, Natanz va Isfahon yadroviy ob’ektlariga qaratildi. Hujumda Tomahawk raketalari va B-2 Spirit samolyotlaridan GBU-57 aviabombalar ishlatildi. 24 iyunda Tramp Eron va Isroil o‘rtasida o‘t otishni to‘xtatish kelishuvini e’lon qildi.

Yaman: AQSH Yaman xusiy harakati – “Ansoruloh”ning harbiy ob’ektlariga zarbalar berishni davom ettirdi. 2025 yil 15 martda “Garri Trumen” avianosetsi bilan yangi bosqich boshlandi. 6 may kuni tomonlar o‘t otishni to‘xtatishga kelishdi.

Suriya: AQSH 2025 yilda ISHID jangarilariga qarshi 80 ta operatsiya o‘tkazdi. Eng yirigi – 19 dekabrda Iordaniya havo kuchlari bilan birga “Hawkeye Strike” operatsiyasi bo‘lib, taxminan 70 ta jangari ob’ektlari yo‘q qilindi.

Karib dengizi: 2025 yil avgustda Venesuela sohillariga narkokartellarga qarshi operatsiyalar uchun AQSH harbiylari va kemalari yo‘naltirildi. Sentyabrdan boshlab taxminan 30 ta qutqaruvchi qayiq torpeda qilindi, 100 dan ortiq kishi halok bo‘ldi.

Nigeriya: 2025 yil 25 dekabrda AQSH ISHID jangarilariga zarba berdi. Nigeriya TIV ma’lumotiga ko‘ra, bu zarbalar mamlakat hukumati so‘rovi asosida amalga oshirilgan va tayyorlanayotgan teraktlarni to‘xtatishga yordam bergan.

AQSHning Venesuelaga hujumi

Eslatib o‘tamiz, 3 yanvar kuni Venesuela poytaxti Karakas shahrida kamida yettita portlash sodir bo‘ldi. Portlash tovushlari shaharning turli hududlarida, shuningdek Simon Bolivar nomidagi Mayketiya aeroporti va La-Guayra porti atrofida ham eshitilgan.

Keyinroq Kolumbiya Prezidenti Gustavo Petro AQSHni Venesuelani bombardimon qilishda ayblab, BMTning favqulodda yig‘ilishini yig‘ishga chaqirdi. Shundan so‘ng CBS telekanali AQSH Prezidenti Donald Tramp Venesuela hududidagi qator ob’ektlarga, jumladan harbiy nishonlarga zarba berish buyrug‘ini berganini ma’lum qildi.

Venesuela Prezidenti Nikolas Maduro mamlakatda keng qamrovli mudofaa tizimini zudlik bilan ishga tushirish va milliy kuchlarni safarbar etish bo‘yicha buyruq berdi. Mamlakatda favqulodda holat rejimi e’lon qilindi.

Keyinchalik Donald Tramp Venesuelaga qilingan hujum bo‘yicha bayonot berib, Maduro rafiqasi bilan birga qo‘lga olingani va mamlakatdan olib chiqib ketilganini ma’lum qildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Venesuela Donal'd Tramp harbiy operatsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing