Telegram orqali narkotik sotgan sobiq futbolchi ushlandi (video)
3-sahifa
−
17 iyul 10230 2 daqiqa
Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni Telegram messenjerida turli xil nomdagi botlar orqali sotib kelgan sobiq professional futbolchi qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, 1999 yilda tug‘ilgan, professional futbol klubi sobiq futbolchisi bo‘lgan, hozirga qadar bolalar oromgohida jismoniy mashg‘ulotlar o‘tkazuvchi murabbiy vazifasini bajarib kelayotgan fuqaro narkoshop faoliyatini qaytadan yo‘lga qo‘ygan. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida mazkur shaxs o‘ziga tegishli Telegram botlari orqali giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar savdosi bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Bundan tashqari, u mazkur “biznesi” orqali qabul qilingan mablag‘larni kripto-aktivlarga ayirboshlash va o‘tkazish bilan bog‘liq moliyaviy operatsiyalarni o‘ziga tegishli kripto birjasidagi akkaunt orqali amalga oshirganligi ma’lum bo‘lgan.
Bildirilishicha, mazkur botlar faoliyatini boshqarib kelgan shaxs ikki oy avval Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) uchinchi qismi “a” bandi bilan sudlangan bo‘lgan. Fuqaro noqonuniy faoliyat davomida jami 550 million so‘mdan ortiq pul mablag‘larini turli kripto-hamyon manzillariga yuborgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan jinoiy qilmishni takroran sodir etgan shaxsga nisbatan kuchaytirilgan jazo chorasi qo‘llanilib, Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi (Kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi qonunchilikni buzish) ikkinchi qismi “a” bandi (takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram ijtimoiy tarmog‘ida 2023 yildan buyon giyohvandlik vositalari noqonuniy muomalasi bilan shug‘ullanib kelgan shaxs ushlangandi. U Telegram narkodo‘konida yiliga 800 kilogrammgacha kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini aholi orasida tarqatib kelgan hamda yashirin narkolaboratoriyalarni prekursorlar bilan ta’minlab turgani ma’lum bo‘lgandi.
Live
Barchasi