TDTU talabalar Rossiyaga yuborilayotganini tasdiqladi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent davlat tibbiyot universiteti talabalari majburiy ravishda Rossiyaning Nijniy Novgorod shahriga – harbiy holat e’lon qilingan hududga o‘qishga yuborilayotgani xaqida xabarlar tarqalgandi. Toshkent davlat tibbiyot universiteti bu xabarlar ortidan rasmiy raddiya e’lon qildi.

Universitet ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini bildirgan bo‘lsada, talabalar Nijniy Novgorodga o‘qishga yuborilayotganini tasdiqlagan.

Bildirilishicha, mazkur holatda tilga olinayotgan barcha talabalar hamkorlikdagi qo‘shma ta’lim dasturiga o‘qishga qabul qilingan. Bu dasturga ko‘ra, ular o‘z o‘qishlarini xorijdagi hamkor oliy ta’lim muassasasida davom ettirishlari shart hisoblanadi. Har bir talaba bilan shartnoma tuzilgan bo‘lib, unga muvofiq ular to‘rtinchi va beshinchi kursni Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida joylashgan Privoljsk tibbiyot tadqiqot universitetida (PIMU) o‘qib tugatish majburiyatini olgan.

“Hozirda PIMU O‘zbekistonning 5 ta oliy o‘quv yurti bilan 12 ta hamkorlikdagi dasturni amalga oshirmoqda. Ushbu dasturlar doirasida bugungi kunda 400 dan ortiq O‘zbekiston fuqarosi PIMU bazasida kunduzgi shaklda o‘qimoqda”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, universitet talabalar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov PIMU rektori Nikolay Karyakin bilan doimiy aloqada bo‘lib, quyidagilarga kelishganini ma’lum qilgan: 

  • hamkorlik dasturi bo‘yicha o‘qiyotgan barcha o‘zbekistonlik talabalar uchun alohida yotoqxona ajratish;
  • ilgari shartnoma shartlarini bajarmagan va PIMU tomonidan o‘qishdan chetlashtirilgan talabalar uchun akademik yilni yo‘qotmasdan o‘qishga qayta tiklanish imkoniyatini yaratish;
  • PIMU tomonidan hamkorlik dasturi talabalari uchun alohida dekanat faoliyatini yuritish. Bunda, ushbu dekanat talabalarni doimiy qo‘llab-quvvatlab boradi, ya’ni aeroportdan kutib olish, Rossiyada yashash uchun zarur barcha hujjatlarni rasmiylashtirishda yordam beradi.

Shuningdek, universitet O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 6 iyuldagi 421-sonli qaroriga asosan ushbu qo‘shma ta’lim dasturlariga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha kirish imtihonlari yengillashtirilgan holda amalga oshirilgani, talabalarni o‘qishini Qozog‘iston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish haqidagi turli ma’lumotlar asosga ega emasligini ta’kidlagan.

“Nijniy Novgorod shahri haqida tarqatilgan “harbiy holat e’lon qilingan hudud” degan ma’lumot ham asossizdir. Rossiya Federatsiyasining mazkur hududida rasmiy tartibda harbiy holat e’lon qilinmagan. Ushbu shahar universitet bilan ilmiy va ta’limiy hamkorlik qilayotgan sherik oliy ta’lim muassasalari joylashgan hudud hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, kecha, 11 avgust kuni Toshkent davlat tibbiyot universiteti rektori Shuhrat Boymurodov ushbu qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan har bir talaba va ularning ota-onalari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Uchrashuv davomida talabalarni hamkor PIMUda o‘qishni davom ettirish uchun jo‘nab ketishi, u yerda yaratilgan shart-sharoitlar va talabalar turarjoyi bilan ta’minlash bo‘yicha batafsil ma’lumotlar berilgan. 
Universitet dastur ishtirokchilarining asosiy qismi PIMUda ta’limni davom ettirish istagini bildirib, ulardan aksariyati jo‘nab ketishga tayyor ekanini aytganini, “faqat ayrim talabalar shartnoma shartlarini buzgani va ataylab yolg‘on ma’lumotlarga tayangan holda, Toshkentda qolishga harakat qilayotgani”ni da’vo qilmoqda.

“Mazkur yolg‘on axborotni tarqatayotgan shaxslar ataylab faktlarni buzgan, jamoatchilikni chalg‘itgan hamda universitet rahbariyati va jamoasini obro‘sizlantirishga uringan. Bunday harakatlar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq yolg‘on axborot tarqatganlik uchun javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
OAV va jamoatchilikdan turli manbalar orqali tekshirilmagan, asossiz ma’lumotlarga ishonmaslik va rasmiy axborotlarga tayanish so‘raladi”, deyiladi xabarda. 

Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 avgust kuni Rossiya g‘arbidagi aynan Nijniy Novgorod viloyatida joylashgan sanoat zonasini nishonga olgan Ukraina hujumi oqibatida bir kishi halok bo‘lgani, yana ikki kishi shifohonaga yotqizilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya O'zbekiston TDTU tibbiyot talabalar Nijniy Novgorod

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing