TDPU o‘rnida O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti tashkil qilinadi
Jamiyat
−
21 aprel 9574 3 daqiqa
Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilib, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish, kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 21 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tanishgan maktab ta’limi sifatini oshirish hamda pedagoglar tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimotda so‘z boradi.
Qayd etilishicha, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim tizimi islohotlari ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilangan. Bu yilgi davlat dasturida ham maktablarda sharoitlarni yaxshilash, yosh avlodni bilimli etib tarbiyalash bo‘yicha ko‘plab vazifalar qo‘yilgan. Bu, ko‘p jihatdan, o‘qituvchilarning bilim va malakasiga bog‘liq. O‘zbekistonda 15 ta davlat va 61 ta nodavlat oliygohida pedagogika yo‘nalishi bor. Lekin ulardagi ilmiy salohiyat atigi 40 foiz atrofida.
Qabullarning katta qismini ijtimoiy yo‘nalishlar tashkil etadi. Aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha pedagoglar tayyorlash juda kam. Talabalarning 40 foizi sirtqi ta’limda o‘qiyapti. Shu bois Toshkent davlat pedagogika universitetini transformatsiya qilib, O‘zbekiston milliy pedagogika universitetini tashkil etish, kelajak pedagoglari loyihasini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Universitet barcha hududlardagi pedagogika institutlari uchun tayanch oliygoh bo‘ladi.
“Yangi O‘zbekiston” universitetida 40 dan ziyod chet ellik o‘qituvchi va 30 nafar o‘zbekistonlik ziyoli faoliyat yuritmoqda. Talabalar o‘zlarining turli yo‘nalishlardagi loyihalariga jami 24,3 milliard so‘mlik grantlar jalb qilgan. Bu salohiyatdan foydalanib, universitetda muhandislik, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, tibbiyot kabi zamonaviy sohalarda mutaxassislar tayyorlashni rivojlantirish, yangi laboratoriyalar ochish rejalari taqdimot qilindi.
Shuningdek, oliygohda ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini ta’minlash maqsadida Germaniyaning ilg‘or tajribasidan foydalangan holda zamonaviy universitet klinikasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.
Ta’lim sifatini aniqlashda ham xalqaro uslublar joriy etilmoqda. Bu yil 233 ta maktabdagi 9 ming nafar 15 yoshli o‘quvchining bilimi PISA xalqaro dasturi orqali baholanadi.
Hozirgi kunda 2 mingta maktab yuqori yuklama bilan ishlayapti. Bu yil byudjet hisobidan 112 mingta yangi o‘quvchi o‘rni tashkil etiladi. Aholi o‘sishi hisobiga, maktablarga ehtiyoj ham ortib boradi. Shu bois Islom taraqqiyot bankidan 200 million dollar jalb etib, hududlarda 58 ta zamonaviy maktab qurilishi rejalashtirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalarning 80 foizi internet va ijtimoiy tarmoqlarda faol. Ularni zararli axborotlardan himoya qilish bo‘yicha muayyan ishlar olib borilayapti. Lekin, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga kuchli ta’sir ko‘rsatadigan, qiziqarli milliy kontentlar yaratayotgan ijodkorlar sanoqli.
Shulardan kelib chiqib, bolalarga xavfsiz axborot muhitini yaratish, milliy kontentlarni ko‘paytirish, ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prezidentning 26 mart kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan joriy yil 1 iyundan boshlab nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshirilishi xabar qilingan edi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr