Tanish bilishchilikka yo‘l qo‘ygan “kattakonlar”ga jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin
Jamiyat
−
05 fevral 2022
6545O‘zbekistonda manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilganlik xatti-harakatlari va juda ko‘p miqdordagi davlat xaridlariga oid manfaatli bitimlar tuzilishiga erishish bilan bog‘liq holda sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikni belgilash, ya’ni bunday qilmishni formal tarkibli jinoyat sifatida e’tirof etish taklifi bildirilmoqda. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Matbuot kotibi Durdona Ochilova ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan zimmasiga yuklatilgan vazifalar qatorida davlat byudjeti mablag‘laridan samarali foydalanish hamda davlat xaridlarini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi va affillanganlik holatlari bo‘yicha doimiy ravishda o‘rganishlar o‘tkazib kelinmoqda.
Xususan, Agentlik tomonidan 2021 yil davomida davlat xaridlari sohasida o‘tkazilgan monitoring tadbirlari natijasida respublika bo‘yicha byudjet buyurtmachilarining 458 ta tanlovda “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi va “Raqobat to‘g‘risida”gi qonunlarning talablarini buzganliklari aniqlanib, korrupsiyaga oid huquqbuzarlarliklarning sabab hamda shart-sharoitlarini bartaraf qilishga qaratilgan 446 ta taqdimnoma kiritilgan va 141 mlrd so‘mdan ortiq byudjet mablag‘lari maqsadsiz sarflanishining oldi olingan.
Mazkur tadbirlar davomida aniqlangan korrupsiya holatlari yuzasidan to‘plangan hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim qilinib, ular tomonidan Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan umumiy 49 ta jinoyat ishi va 24 ta ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar qo‘zg‘atilishi ta’minlangan.
Shuningdek, Durdona Ochilovaga ko‘ra, bila turib manfaatlar to‘qnashuvi holatlariga yo‘l qo‘yilganlik xatti-harakatlari va juda ko‘p miqdordagi davlat xaridlariga oid manfaatli bitimlar tuzilishiga erishish bilan bog‘liq holda sodir etilgan taqdirda, jinoiy javobgarlikni belgilash, ya’ni bunday qilmishni formal tarkibli jinoyat sifatida e’tirof etish taklifi bildirilmoqda.
Abduxoliqov ishi
Joriy yilning 21 yanvar kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi O‘zbekiston Kinematografiya agentligi “Sevimli” telekanaliga davlat buyurtmalarini berib kelgani, shuningdek, subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani ehtimoli bilan tekshiruv boshladi.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, Kinematografiya agentligi tomonidan shartnomalar tuzilishida va davlat subsidiyasi mablag‘larining taqsimlanishida manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi holatlari aniqlangan.
Kinematografiya agentligi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda esa 2021 yil may oyi va undan keyingi paytdagi moliyaviy jarayonlar tahlil qilinib, ushbu davr mobaynida aniqlangan qonunbuzilish holatlari bo‘yicha to‘plangan materiallar Bosh prokuraturaga yuborilgan.
Joriy yilning 25 yanvar kuni Bosh prokuratura tomonidan Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 175-8-moddasi (davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ning 4-qismi bilan ma’muriy ish qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi