Taksichilar xohlagan hududida faoliyat yuritadi – Transport vazirligi
Jamiyat
−
13 iyun 7178 2 daqiqa
Taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganidan qat’i nazar o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bu borada joriy yilning 2 aprel kuni Vazirlar Mahkamasining “Avtomobil transportida yo‘lovchi tashish faoliyatini tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 200-son qarori qabul qilingan.
Qayd etilishicha, yo‘nalishsiz taksi faoliyatini litsenziyalash transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan hududdan qat’i nazar, taksi haydovchisining tanloviga ko‘ra litsenziya talabnomasida ko‘rsatgan o‘zini-o‘zi band qilish hududi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Ya’ni taksi haydovchisining avtomobili qaysi hududda ro‘yxatdan o‘tganidan qat’i nazar o‘zi xohlagan hududda faoliyat yurita oladi. Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi dastlab o‘zini-o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tadi va bunda taksi faoliyatini amalga oshirish hududini o‘zi tanlaydi. Shundan so‘ng, litsenziya olish uchun kompozit ariza topshiradi.
Shu bilan birga, yo‘nalishsiz taksi litsenziya varaqasida ko‘rsatilgan (o‘zi tanlagan) hududda va yondosh hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri) faoliyat ko‘rsatishi lozim.
Ya’ni cheklov litsenziyada ko‘rsatiladigan hudud uchun o‘rnatilgan. Masalan, Buxoro viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan avtomobilning egasi o‘zi tanlagan Toshkent shahrida faoliyat yuritishi uchun litsenziya olganidan so‘ng faoliyatini Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyatida olib borishiga ruxsat etiladi.
Qolaversa, avtomobilning davlat raqami qaysi hududga oid bo‘lsa, litsenziya faqat aynan shu hudud uchun berilishi litsenziya talab va sharti hisoblanmaydi. Ya’ni avtomobilning boshqa hududda ro‘yxatdan o‘tkazilgani litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.
Qayd etilishicha, ushbu qaror kuchga kirgandan so‘ng, bugungi kunga qadar respublika bo‘yicha o‘zini-o‘zi band qilgan 5196 nafar shaxslarga avtotransport vositasi qayd etilgan hududdan boshqa hududlarda faoliyat ko‘rsatish bo‘yicha litsenziya varaqasi berilgan.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 13 iyun kuni Transport vaziri Ilhom Mahkamov AOKAda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda viloyatdan kelgan taksichilar Toshkent shahrida taksichilik qila olishi, biroq buning uchun ular litsenziyaga ega bo‘lishi, faoliyat manzili sifatida esa Toshkentni ko‘rsatishi kerakligi haqida gapirgandi.
Live
Barchasi