Tadbirkorlardan sportchilargacha: Prezident kimlarni mukofotladi? (fotoreportaj)

Jamiyat

image

Bugun, 30 avgust kuni "Ko‘ksaroy" qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz ikki yilligi munosabati bilan davlat mukofotlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator nuroniylar, davlat xizmatchilari, olim va pedagoglar, tadbirkorlar, sanoatchilar, ijodkor va san’atkorlar, harbiylar, sportchi va murabbiylarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbari marosim ishtirokchilarini avvalo Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etdi. 

“Xalq manfaatini ta’minlash, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan harakatlarni davom ettirish maqsadida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini ishlab chiqdik. Uning loyihasini muhokamaga qo‘yganimizda 1 milliondan ko‘p takliflar kelib tushdi. Bu nimadan dalolat? Xalqimiz befarq emas. Yo‘nalishlarimizni, kamchiliklarimizni ko‘rsatib beryapti. Bu biz uchun “yo‘l xaritasi”. Davlatga eng katta hakam – xalq”, dedi Prezident.

2022 yil yakunlariga ko‘ra, mamlakatimizning iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi 5,7 foizni tashkil etgan. Bugungi kunda yurtimizning barcha hududlarida shinam uy-joylar, yo‘l va ko‘priklar, shifoxonalar, bog‘cha, maktab, madaniyat va sport markazlari bunyod etilmoqda. Tabiat qiyinchiliklariga qaramasdan, qishloq xo‘jaligi ekinlaridan mo‘l hosil olinib, oziq-ovqat xavfsizligiga erishilmoqda.

Shular haqida gapirar ekan, Prezident ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiyning “Bu dunyoda insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, degan so‘zlarini keltirgan.

Buning ifodasini aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga, jumladan, keksa avlod vakillari, ayollar va yoshlarga g‘amxo‘rlikda yaqqol ko‘rish mumkin. Kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, sifatli ta’lim berish, zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, infratuzilmani yaxshilash hisobidan respublikamizda kambag‘allik darajasi sezilarli pasaygan.

Davlat rahbari mahallalardagi ishlarni, odamlarning faolligini alohida tilga oldi:

“Biz birinchi kundan xalq ichiga kirib boryapmiz. Ko‘p tizimlarni mahallaga tushiryapmiz. Nimaga? Mahalla – davlatchiligimizning zamini. Agar 9 ming 400 ta mahalla tinch bo‘lsa, yurtimiz tinch bo‘ladi. Investitsiya ham, ta’lim-tarbiya, qurilish, obodonlashtirish ham mahallada bo‘lsa, qanday o‘zgarish bo‘ladi?! Mana, “Ochiq byudjet” orqali odamlar o‘z muammosini olib chiqib, ovoz berib, o‘zi nazorat qilyapti. Shuning uchun mahalla tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlarimizni qat’iy davom ettiramiz”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Prezident marosimga yig‘ilganlarni nomma-nom tilga olib, davlat mukofotlari bilan tabriklagan. Ularni Yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkorlari sifatida qadrlashini ta’kidlab, fidokorona mehnati, yosh avlodga ibrati uchun minnatdorlik bildirdi. Shundan so‘ng, mukofotlanganlarga faxriy unvon, orden va medallar tantanali ravishda topshirilgan.

“Bugun men sizlarning ochiq chehrangiz, baxtiyor ko‘zlaringizni, sizlardagi baland ruhni ko‘rib, ochig‘ini aytsam, go‘yoki o‘zim ham mukofot olgandek xursand bo‘lib turibman. Niyatim: ko‘ksingizga yarashib turgan mana shu yuksak unvon va nishonlar sizlarga yangi-yangi kuch-g‘ayrat baxsh etsin”, degan Prezident.

Mukofotlanganlar yuksak e’tibor uchun minnatdorlik bildirib, xalqimizga ezgu tilaklar bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, Joriy yilning 27 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining Farmoni bilan shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf va shayx Ziyovuddinxon ibn Eshon Boboxon “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangan edi.  Tadbirda Shavkat Mirziyoyev ularning farzandlariga ushbu nishonni topshirgan.

Akobir Sayidov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Shavkat Mirziyoev davlat mukofotlari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing