Tadbirkorlar norozi: soliq tizimidagi “foydali to‘siqlar” chindan ishlayaptimi? (video)

Biznes

image

Qonunchilikka ko‘ra, tadbirkor o‘z omboriga kirim qilinmagan (sotib olinmagan) tovar uchun elektron hisob-faktura (sotuv hujjati) rasmiylashtira olmasligi kerak. Biroq amaliyotda “obnalchi” firmalar (hujjatda bor, lekin aslida faoliyat yuritmaydigan coxta tadbirkorlik sub’ektlari) yo‘q mahsulotni qog‘ozda sotmoqda, keyinchalik esa buning jabrini o‘sha firmadan mahsulot sotib olgan halol tadbirkorlar tortmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi, Biznes-Ombudsman, Soliq qo‘mitasi hamda soliq maslahatchilari, auditorlar va buxgalterlar ishtirokida bulib o‘tgan ochiq muloqotda aytildi.

Kecha, 6 aprel kuni o‘tkazilagn uchrashuvda O‘zbekiston soliq tizimida tovarlar aylanmasini nazorat qilish va “soxta” hujjatbozlikning oldini olish maqsadida joriy etilgan raqamli nazorat tizimi keskin muhokama qilindi. Xususan, omborda yo‘q mahsulotni sotishni taqiqlovchi tizimning amalda qanday ishlayotgani shubha ostiga olindi.

Tadbirkorlar Davlat Coliq qo‘mitasi ayrim vazifalarini bajarmayotganidan norozi. Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi 595-sonli “Qo‘shilgan qiymat solig‘i hamda chet el yuridik shaxslari bilan amalga oshiriladigan soliq ma’murchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Coliq qo‘mitasiga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

  1. QQS guvohnomasini berishda “Xavfni tahlil qilish” tizimi;
  2. “Soliq uzilishi” uchun javobgarlik;
  3. Jinoyat ishlariga sabab bo‘layotgan “Shubhali” mezonlar;
  4. Davlat organlarining majburiyati: “soliq to‘lovchining insofliligini tekshirish”.

Advokat Shokir Boqiyevning so‘zlariga ko‘ra, tizimdagi bo‘shliqlar sababli 2021 yildan buyon yuzlab korxonalar ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

“Agar soliq tizimi omborda yo‘q mahsulotga sotuv hujjatini rasmiylashtirishni texnik jihatdan to‘sib qo‘yganda edi, bugun buncha tadbirkor sarson bo‘lmasdi”, deydi tadbirkorlar vakili.

Davlat Soliq qo‘mitasi vakili Ravshan Imomov ushbu e’tirozlarga javoban tizimda mahsulotlar va xizmatlarning identifikatsiya kodi (MXIK) bo‘yicha tekshiruv mavjudligini va u ishlayotganini ma’lum qildi. Biroq ushbu cheklov hozirda faqat tayyor mahsulot sotuvchi (ulgurji savdo) korxonalari uchun amal qilmoqda.

“Bu norma faqat savdo korxonalari uchun ishlayapti. Chunki savdogar nima olsa, shuni sotadi (MXIK kodi o‘zgarmaydi). Lekin ishlab chiqaruvchiga bunday taqiq qo‘yib bo‘lmaydi. U xomashyo oladi va mutlaqo boshqa MXIK kodi bilan tayyor mahsulot sotadi. Agar ishlab chiqaruvchiga “sening omboringda tayyor mahsulot yo‘q” deb taqiq qo‘ysak, butun mamlakatda ishlab chiqarish to‘xtab qoladi.", deya tushuntirish berdi qo‘mita mutasaddisi.

Advokat Shokir Boqiyev qo‘mita vakilining bu izohini shubha ostiga oldi.

“Siz ulgurji savdoda tizim ishlayapti deyapsiz. Unda qanaqasiga mening qo‘limda 2023–2024 yillarda ulgurji savdo bilan shug‘ullangan va omborida yo‘q tovarni sotib yuborgan “obnalchi” korxonalar bo‘yicha yuzlab jinoyat ishlari turibdi? Agar tizim ishlayotgan bo‘lsa, ular qanday qilib fakturani rasmiylashtirgan?”, dedi u.

Soliq qo‘mitasi vakilining javobi esa “tan olish” ohangida bo‘ldi.

“Balki bizning validatsiyamizdan (tekshiruvimizdan) o‘tib ketayotgan bo‘lishi mumkin. Biz hamma narsani cheklab qo‘ya olmaymiz, chunki protsessor qiynalib qoladi. Ro‘yxatni bering, o‘rganib chiqamiz”, dedi qo‘mita xodimi.

Muhokamada ishtirok etgan tadbirkorlardan biri Faxriddin Ilyosov masalaga yanada keskin yondashdi. 

“2023 yilda o‘sha qonun kuchga kirgan sanadan boshlab sizlar bajarishingiz kerak bo‘lgan vazifani bajaryapsizlarmi? “Tizim ishlayaptimi-ishlamayaptimi?” deb berayotgan savolimizning o‘zi noto‘g‘rimasmi? Mayli, bularni hammasini unuting. Savolimga javob bering, 2023 yilda qonun kuchga kirgan kundan boshlab faktura orqali sotilgan har bitta tovarning “prixodi” bormi, yo‘qmi? Bor, to‘g‘rimi? Agar uni kimdir yo‘q deyotgan bo‘lsa,  bu absurd deyapsiz, to‘g‘rimi? Faktura bu sudlashish kerak bo‘lgan, biron narsani isbotlash kerak bo‘lgan narsa emas ekanda bo‘lmasa, to‘g‘rimi?”, dedi tadbirkor.

Bu savollarga esa Davlat Coliq qo‘mitasi vakili aniq javoblarni bera olmadi. Biroq yakunda tomonlar mavjud muammoli holatlar va jinoyat ishlarini birgalikda o‘rganib chiqishga kelishib oldi. Tadbirkorlar soliq organidan tizimning haqiqatda shaffof ishlashini va “firibgarlar”ga yo‘l qoldirmaslikni talab qilmoqda.
 


Maqola muallifi

Teglar

Savdo-sanoat palatasi Tadbirkorlar faoliyat “foydali to'siqlar” coliq tizimi firmalar coxta tadbirkorlik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing